Alisher Kurmanov Norvegiya elchisi bilan uchrashdi

  • 23:11 / 08.10.2019
  • 164

Foto: O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

2019-yil 8-oktabr kuni Senatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher Kurmanovning Norvegiyaning O‘zbekistondagi Elchisi Yuxan Byornyoy bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati xabar bermoqda.

Uchrashuvda tomonlar ikki tomonlama hamkorlik, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va hududlarni rivojlantirish masalalarini, shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasining joriy yil iyun oyida bo‘lib o‘tgan Oslo forumidagi ishtiroki yakunlarini muhokama qilishdi.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston mintaqada barqarorlikni ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. Tomonlar siyosiy muloqotni faollashtirish va mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish zarurligini ta’kidladilar.

Katta salohiyatga ega savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanishi zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida ikki tomonlama va ko‘p tomonlama formatlardagi hamkorlik qilish masalalari hamda kun tartibidagi boshqa mavzular muhokama etildi.