Amazon rahbari Jeff Bezosdan biznes bo‘yicha maslahatlar

  • 21:57 / 26.09.2019
  • 1048

Bugun biznes bo‘yicha tavsiyalar, trening va kurslar juda ko‘p. Odatda, ularga ega bo‘lish uchun anchagina pul sarflab qo‘yganingizni sezmay ham qolasiz. Ammo ko‘pincha bittagina maslahat ham dunyoqarashingizni o‘zgartirib, ishlaringizni yangi o‘zanga burib yuborishi mumkin. Keling, dunyodagi eng boy kompaniyalardan biri Amazon rahbari Jeff Bezosning oltinga teng maslahatlari bilan tanishib chiqamiz:

“Mendan ko‘pincha 10 yildan keyin nima o‘zgaradi, deb so‘rashadi. Bu juda qiziqarli va keng tarqalgan savol. Ammo “keyingi 10 yilda nima o‘zgarmaydi?”, deb so‘rashmaydi. Shuni aytishim kerakki, ikkinchi savol ancha muhimroq. Chunki biznes-strategiyani vaqt o‘tishiga qaramay, doimiy saqlanib qoluvchi narsalar asosiga qurish kerak. Bizning savdo biznesimizda mijozlar pastroq narxlarni xohlashini bilamiz, o‘n yildan keyin ham shunday bo‘ladi. Ular buyurtmalari tez yetib kelishini, tanlov imkoniyati katta bo‘lishini xohlashadi. Masalan, o‘n yildan keyin mijoz oldimga kelib, “Jeff, men Amazon’ni yaxshi ko‘raman, faqat narxlar balandroq bo‘lsa yaxshi bo‘lardi” yoki “Men Amazon’ni yoqtiraman, lekin buyurtmalarni sekinroq yuborsangizlar yaxshi bo‘lardi”, deyishini tasavvur qilish qiyin. Bu bo‘lishi mumkin emas! Shuning uchun ham bor imkoniyat va kuchimizni doimiy narsalarga qaratishimiz, bugun ekkanimizning hosilini o‘n yildan keyin ham olishimiz kerak. Mijozlarimiz o‘n yildan keyin ham dividend olishlari lozim. Agar biror narsaga ishonsangiz, ayniqsa, uning uzoq vaqt barqaror bo‘lishini bilsangiz – katta energiya sarflashdan qo‘rqmang”.