An’anaviy diskli telefon: o‘zingiz yig‘ib oling

  • 13:46 / 21.02.2020
  • 460

Kimki eski davrlarni, burab raqam teriluvchi chambarga ega telefonlarni sog‘ingan bo‘lsa, ular uchun yangilik – o‘sha telefonlarning zamonaviy analogi yaratildi, faqat uni o‘zingiz yig‘ib olasiz.

Bu qurilmani Brukxeyven milliy laboratoriyasi (Apton, AQSh) muhandisi Jyustin Xaupt yaratgan. Uning maqsadi yaqin kishilar bilan so‘zlashish uchun ilg‘or texnologiyalarni jamlagan qimmatbaho telefonlar shart emasligini, o‘z qo‘ling bilan yasagan oddiy telefon orqali ham ularning mehrini his qilish, qozonish mumkinligini isbotlash bo‘lgan. 

Asosiy plata ATmega2560v, Adafruit Fona 3G’ning mobil uskunalari va Western Electric Trimline’ning aylanuvchi chambaragi telefonning yuragi hisoblanadi. Bularning hammasi tartib bilan 3D-pechat yordamida yaratilgan korpusga joylanadi.

Bu jarayonda elektron qog‘ozdan yasalgan ekranli kichik displey kerak bo‘ladi.  Aynan shu moslama foydalanuvchini o‘tkazib yuborilgan qo‘ng‘iroqlardan ogoh qilib turadi va hatto qisqa matnli xabarlarni o‘qib beradi.

Bunday telefonga ega bo‘lishni istaganlarni bir noqulaylikdan xabardor qilish lozim. Qurilmaning faqat asosiy plata va korpusi sotiladi, xolos. Qolgan hammasini o‘zingiz alohida xarid qilishingiz kerak. Agar xarajatlarning hammasi to‘la hisoblansa, uni yig‘ib ishga tushirish  uchun taxminan 240 dollar kerak bo‘ladi. Xuddi mana shunisi odamni hayron qiladi. Nimasi arzon ekan buning?