Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti tashkil etiladi

  • 12:33 / 05.06.2020
  • 519

Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020–2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasida agrar taʼlim tizimi bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti tashkil etiladi.
Bu borada Prezident qarori loyihasi eʼlon qilindi.
 
Unga ko‘ra, 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat agrar universitetining Andijon filiali negizida Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari maʼqullanadi.
 
Mazkur Institutda 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab tashkil etiladigan yangi bakalavriat taʼlim yo‘nalishida 13ta va magistratura yo‘nalishida 11ta mutaxassislik bo‘yicha qabul tashkillashtiriladi.

Shuningdek, Institutda bakalavriat taʼlim yo‘nalishlarida taʼlimning kredit-modul tizimini bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bunda taʼlimning kredit tizimida talabalar uchun haftada besh kunlik o‘qish hamda haftaning shanba kuni mustaqil o‘zlashtirish kuni deb belgilanishi rejalashtirilmoqda.
 
Mazkur hujjat loyihasida Institutda tajriba-sinov tariqasida bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari sirtqi taʼlim shakli bo‘yicha masofaviy taʼlim olish tizimini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish ham ko‘zda tutilgan.
 
Shu bilan birga, xorijiy fuqarolarning O‘zbekiston agrar taʼlim muassasalarida o‘qishlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish maqsadida belgilangan to‘lov-kontrakt miqdori istisno tariqasida ikki barobarga kamaytirilishi mumkin.