Android tizimida nosozlik aniqlandi. Bir milliarddan ortiq smartfon xavf ostida

  • 17:47 / 28.05.2020
  • 1339

Norvegiyadagi xavfsizlik bo‘yicha tadqiqot guruhi – Promon juda ko‘p sonli Android qurilmalarida mavjud bo‘lgan o‘ta muhim nosozlikni aniqladi.

Bu kamchilik boshqa zararli ilovalar “yaxshi” ilova nomi ostida yashirinish va xakerlarga foydalanuvchilarni yolg‘on axborotlar bilan aldash imkonini beradi.
CVE-2020-0096 raqamli nosozlik “Stranghogg 2.0” deb nomlandi. O‘tgan yilning oxirida aynan shu guruh Stranghogg nomli nosozlikni aniqlagan. O‘shanda Promon mutaxassislari Stranghogg xakerlar tomonidan bank ma’lumotlari, login parollarni o‘g‘rilash, shuningdek, foydalanuvchi faoliyatini kuzatish uchun ishlatilganini aytishgandi. Yangi “Stranghogg 2.0” xakerlarga yana-da murakkab hujumlarni amalga oshirish imkonini beradi.

Ta’kidlanishicha, “Stranghogg 2.0” so‘nggi versiya – Android 10’dan tashqari barcha Android tizimalarda mavjud.

O‘tgan yilning may oyida “Google” butun dunyo bo‘ylab 2,5 milliardga yaqin Android qurilmalari faol ekanini e’lon qilgandi. 2020-yil aprel oyiga kelib, foydalanuvchilarning atigi 16 foizi Android 10 tizimini o‘rnatganini hisobga olsak, kamida bir milliard qurilmalar xavf ostida qolgan.