Asabiylashsangiz ko‘p ovqat yeb qo‘yasizmi? Bo‘kib yeyishning oldini olamiz

  • 15:52 / 26.03.2020
  • 196

Stress ayrim insonlarni muzlatgich tomon yugurishga majbur qiladi. O‘zimiz sezmagan holda xotirjamligimizda hatto qaramaydigan pechenyeni qadog‘i bilan olib, yeya boshlaymiz. Bunday asabiy ishtahaning sababi nimada? Nima uchun ba’zilarni asabiylashish ovqatga tortadi?
Taom, ayniqsa, shirinlik insonga xotirjamlik va qulaylik hissiyotini in’om etadi. Aynan shuning uchun stress holatida biz foydali meva-sabzavotlar emas, shirinlik yegimiz kelaveradi. Bunday g‘aroyib ishtahani yengishda birqancha foydali maslahatlar berib o‘tamiz.

Ovqat yegingiz kelayotganda suv iching
Mazkur usul asabiylashish tufayli uyg‘ongan ishtahani samarali bosadi. O‘zingizni nimadir chaynagingiz emas, ichgingiz kelayotganiga ishontiring. Bunda gazli yoki shirin ichimlik emas, oddiy suv, qatiq, ko‘k choy, sut ichish tavsiya etiladi.

Dolchin bilan do‘stlashing
Dolchin solib damlangan shakarsiz choy ishtahangizni bosishga yordam beradi. Choyingizga bir choyqoshiq asal solsangiz ham bo‘ladi. Mazkur damlamani issiq holatida, shirinlik yegingiz kelayotgan vaqtda iching. Damlamadagi asal ishtahani “muzlatish”ga yordam beradi. Qolaversa, dolchin organizmda ochlik hissini paydo qiluvchi shakarga nisbatan paydo bo‘luvchi insulin miqdori ortishining oldini oladi. Shuningdek, dolchin ifori sizni tinchlantirishga, xotirjam sharoit yaratish orqali stressga qarshi samarali kurashishda ko‘maklashadi.

Sayr qiling
O‘tirib nimadir yeyishga sarflangan vaqtingizni toza havoda sayr qilish bilan almashtirishga nima deysiz? Sayr qilish stress holatida ishlab chiqariluvchi endorfin gormonini kamaytirishga yordam beradi. Sayrdan keyin shirinlikka bo‘lgan ishtiyoq kamayadi.

Mevalar po‘stini arching
Apelsin yoki mandarin kabi mevalarning po‘stini archish davomida shirinlik yeyishga bo‘lgan ehtiyoj kamayadi. Buning o‘rniga xushbo‘y hidi anqib turgan mevani yegingiz keladi. Sitrus mevalar po‘stini archish o‘zini-o‘zi ishontirishga qaratilgan aromaterapiyaning bir usulidir. Mevalar hidi insonni tinchlantirish xususiyatiga egaligi tibbiyotda ham isbotlangan. Ishtaha bilan yeyilgan meva esa organizmni vitamin zaxirasi bilan boyitadi va to‘qlik hissini paydo qiladi.

Ta’tib ko‘ring
Agar tushkunlik holatida baribir shirinlik yeyishdan tiyila olmayotgan bo‘lsangiz, uyingizda katta hajmli shirinlik qadoqlarini saqlamang. Muzlatgichingizda bir dona konfet yoki shokolad saqlashning o‘zi kifoya. Shirinliklar bilan bo‘kishning imkoni yo‘qligini unutmang. Siz uni faqatgina stressni kamaytirish, ochlikni yengish uchungina iste’mol qilayotganingizni yodda tuting.

Qo‘llaringiz band bo‘lsin
Ikkala qo‘lingiz ham biror yumush bilan band bo‘lsa, nimadir yeyishning imkoni yo‘q. Shunday ekan, stress vaqtidagi ochlikni yengishda rasm chizishga, nimadir to‘qishga yoki tikishga odatlaning. Kompyuterda ishlayotgan bo‘lsangiz, ikkala qo‘lingizni klaviaturada tutishga harakat qiling. Aks holda bo‘sh qo‘lingiz bilan biror shirinlikni olib yeb qo‘yishingiz mumkin.

Tamaddilarni oldindan tayyorlab qo‘ying
Olma, sabzi, sitrus meva-sabzavotlardan iborat tamaddi mahsulotlari organizmning stress vaqtidagi ehtiyojlarini juda yaxshi qondiradi. Yana bir foydali tavsiya: shirinliklarni oqsillar bilan aralashtirib iste’mol qiling. Qatiq yoki tvorogga asal, murabbo qo‘shib ichsangiz, ochlik hissi tezda bartaraf bo‘ladi va shirinlikdan to‘planuvchi kaloriyalarni kamaytirgan bo‘lasiz. Qarabsizki, qaddi-qomatingiz o‘z joyida qoladi. Mazkur tamaddilarning barini muzlatgichingizda saqlashingiz mumkin.