Ayrim mamlakatlar uchun Facebook’dan tekin internet

  • 17:34 / 11.05.2020
  • 270

Facebook rivojlanayotgan mamlakatlar uchun qiziqarli va o‘ta foydali tashabbus bilan chiqdi. Gap Discover nomli maxsus dasturni ishga tushirish haqida bormoqda. Uning yordamida foydalanuvchilar internet imkoniyatlaridan bepul bahramand bo‘lishlari mumkin. Ilova allaqachon sinovlarga tayyor.

Facebook kompaniyasining yozishicha, Discover ilovasi 55 ta mamlakatda mavjud bo‘lgan Free Basics tashabbusi asosida yaratilgan. Ilova sizga asosiy xizmatlar tarmoqlariga bepul ulanish, salomatlik, ish izlash, ta’lim va aloqa vositalari borasida tekin ma’lumot olish imkonini beradi.

Kun sayin Discover yanayam rivojlanib, ushbu tashabbusda ishtirok etayotgan operatorlar tomonidan har kuni to‘ldirilib turadigan matn ko‘rinishidagi ma’lumotlarni bepul yuklash imkonini beradi. Ya’ni, bunda dasturdan foydalanayotganlar audio-video hamda juda katta hajmli ma’lumotlarni ocha olishmaydi. Buning uchun o‘z hisoblaridagi mablag‘dan sarflashlari mumkin.

Ta’kidlash lozimki, mazkur ilova imkoniyatlaridan foydalanish uchun Facebook’da akkaunt ochish talab qilinmaydi. Shuningdek, konsern foydalanuvchilar ma’lumotlari hech qayerda saqlanib qolmasligi va ulardan reklama sifatida foydalanilmasligiga kafolat beradi.

Discover dasturining birinchi sinovi Peruda bo‘lib o‘tadi va tekin internet bilan Tailand, Iroq va Filippin davlatlarini ham qamrab olish ko‘zda tutilgan.