Barcha xizmatlar uchun yagona bo‘lgan elektron raqamli imzo ishlab chiqiladi

  • 18:42 / 09.01.2020
  • 248

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun 9-yanvar kuni davlat xizmatlari ko‘rsatish samaradorligini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Unda Shavkat Mirziyoyev Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi faoliyatini takomillashtirish va barcha xizmatlar uchun yagona bo‘lgan elektron raqamli imzo ishlab chiqilishini ta’kidladi

Shuningdek, davlat rahbari yig‘ilishda bugungi kunda aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlar dastlabki qadamlar ekani, aholiga qulayliklarni yanada ko‘paytirish zarurligini ta’kidladi. 

Avvalo, “yagona darcha” tamoyili to‘liq ishlashi uchun barcha davlat xizmatlari to‘liq elektron shaklga o‘tkazilishi va ma’lumotlar raqamlashtirilishi lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Adliya vazirligiga barcha idoralarning davlat xizmatlari bilan bog‘liq axborot tizimlari va ma’lumotlar bazasini yaratish bo‘yicha manzilli dastur ishlab chiqish vazifasi topshirildi. 

Elektron davlat xizmatlaridan foydalanuvchilar sonini yil yakunigacha kamida 5 baravarga oshirish, 2025 yilgacha to‘liq elektron xizmat ko‘rsatishga o‘tish maqsad qilib qo‘yildi. 

Aholining 75 foizi internetga mobil qurilmalar orqali kirayotganini inobatga olib, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining mobil versiyasini ishga tushirish muhimligi qayd etildi. 

Uzoq hududlarda yashaydigan aholiga qulayliklar yaratish maqsadida davlat xizmatlari markazining 50 dan ortiq filialini tashkil etishni jadallashtirish zarurligi ta’kidlandi.  

Xorijiy tajribani qo‘llagan holda, odamlarga bir murojaat asosida qo‘shimcha kompleks xizmatlar ko‘rsatish hamda fuqaroning murojaatisiz ham unga kerakli xizmat turlarini taklif qilish mumkinligi qayd etildi. 

Misol uchun, farzand tug‘ilishi bilan unga tug‘ilganlikni qayd etish, nafaqa belgilash, yashash joyiga ro‘yxatga va tibbiyot muassasasiga hisobga qo‘yish, bolalar bog‘chasiga navbat kabi xizmatlar biryo‘la taqdim etilsa, ota-onalarga g‘oyat qulay bo‘ladi. 

Yig‘ilishda ushbu tizimni eksperiment tariqasida Toshkent shahrida, keyinchalik boshqa hududlarda bosqichma-bosqich joriy etish yuzasidan topshiriq berildi. 

Prezident ko‘plab xizmatlar uchun elektron raqamli imzo talab qilinishi odamlarga qiyinchilik tug‘dirayotgani, ayniqsa, bu tadbirkorlarning eng og‘riqli nuqtasi ekanini ta’kidladi. 

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev tomonidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda elektron raqamli imzo talab etiladigan xizmat turlari uchun shaxsni tasdiqlashning muqobil, xavfsiz va sodda usullarini joriy qilish vazifasi qo‘yildi. Shu yil 1-iyulgacha hamma xizmatlar uchun yagona bo‘lgan elektron raqamli imzo ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berildi. 

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan chora-tadbirlar belgilab olindi. 

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yil 12-dekabr kuni “Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon qabul qilingan edi. Unga muvofiq, Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi tashkil etilgan edi. 

Hozirda mamlakatda Agentlik tasarrufidagi 80 dan ortiq innovatsion binoda Davlat xizmatlari markazlari jismoniy va yuridik shaxslarga xizmat qilib kelmoqda. Shuningdek, yana 94 ta shunday inshootlarni qurish ishlari olib borilmoqda. Markaz xodimlari olis joylarga chiqib, mobil davlat sayyor xizmatlari ham ko‘rsatmoqda. 

Bugungi kunga kelib, Davlat xizmatlari markazlari orqali “yagona darcha” tamoyili asosida 130 turdan ziyod xizmatlar taqdim etilmoqda. 2017-yilda aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar soni 12 mingtani tashkil etgan bo‘lsa, 2019-yilda bu ko‘rsatkich 13 milliontadan oshgan. 

Eng ko‘p murojaat qilinadigan 36 turdagi xizmatlar bo‘yicha hujjatlar soni 112 tadan 52 taga kamaytirildi, xizmat ko‘rsatish muddati 280 kundan 126 kunga qisqartirilgan.

O‘tgan yil 1-iyundan boshlab fuqarolarning yashash joyidan va tashkilotlarning manzilidan qat’i nazar, istalgan markaz orqali davlat xizmatlari ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.
Hozirgi kunda davlat xizmati ko‘rsatuvchi 80 ta idoradan atigi 27 tasi Davlat xizmatlari agentligi bilan o‘zaro integrasiya qilingan. 53 idorada ma’lumotlar raqamlashtirilmagan. Misol uchun, sog‘liqni saqlash, ekologiya, qurilish, arxiv bilan bog‘liq davlat xizmatlari sohasida haligacha elektron ma’lumot bazasi shakllanmagan.