Bekoboddagi kafeda uch o‘smir ikki kishini pichoqladi

  • 19:11 / 08.11.2019
  • 43

Toshkent viloyati Bekobod tumanida kafeda ovqatlanib o‘tirgan ikki kishi uch nafar voyaga yetmagan shaxs tomonidan pichoqlandi. Bu haqida IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar qildi.

Aniqlanishicha, 5-noyabr kuni soat 00:30 da voyaga yetmagan 17 yoshli Ya.T. o‘zining tengdoshlari D.R. va D.P.lar bilan birgalikda Toshkent viloyati Bekobod shahar 13-dahada joylashgan “Mohinur” kafesida bo‘lgan va shu yerda ovqatlanib o‘tirgan S.X. va Yo.S.lar bilan o‘zaro janjallashib qolgan.

Oqibatda o‘smirlar ularni urgan va pichoq bilan tan jarohati yetkazgan. So‘ngra hodisa joyidan yashiringan. Mast holatda bo‘lgan ikki nafar shaxs esa og‘ir tan jarohatlari bilan tez yordam bo‘limiga keltirilgan.

Tergov tezkor guruhi hodisa joyidan ish uchun ahamiyatli ashyoviy dalillarni rasmiylashtirib olgan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 77-moddasi 3-qismi “g” bandi (bezorilik) va 104-moddasi 2-qismi “e” bandi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, bezorilik oqibatida) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Voqeada gumon qilinuvchilar qo‘lga olingan va holat yuzasidan so‘roq qilingan. Qayd etilishicha, so‘roq jarayonida ular aybiga iqror bo‘lib, gumon qilinuvchi D.R. bir dona pichoqni o‘z xohishi bilan tergov xodimiga taqdim etgan.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.