Beyonse zaharli chivini, Adolf Gitler qo‘ng‘izi va Shahzoda Charlz qurbaqasi yoxud mashhurlar nomi bilan atalgan yangi jonzotlar

  • 22:23 / 12.05.2020
  • 182

Zamonaviy olimlar yangi kashf etilgan biologik turlarni qanday nomlash borasida ko‘p bosh qotirishadi. Gohida yangi turdagi jonzotlar, o‘simlik yoki mikroorganizmlar dunyoga mashhur insonlar nomi bilan ham ataladi. Bu dunyoda Bob Marli paraziti, Beyonse zaharli chivini, Jorj Bush qo‘ng‘izi va boshqa shu kabi yulduzli nomlar bilan atalgan jonzotlar juda ko‘p. Quyidagi maqolamiz orqali siz ana shunday g‘aroyib hayvonlar bilan yaqindan tanishib olasiz.

Richard Dokinz balig‘i

Tarkibiga to‘rt turdagi baliq turini jamlagan bu baliq oilasiga Richard Dokinz nomi berilgan. Dokinzning so‘zlariga ko‘ra, u bu e’tibordan juda mamnun bo‘lgan va baliqchalarni juda chiroyli, deb hisoblaydi. Angliyalik olim mazkur baliqlar asrlar davomida uning nomini olib yurishidan xavotirga tushmaydi. 

Bob Marli paraziti

Arkanzas universitetining amerikalik olimi Pol Sikkel, Karib dengizidagi baliqlarga parazitlik qiladigan kichik qisqichbaqasimon jonzotni reggi yulduzi Bob Marli, deb atashga loyiq deb topdi. Sikkel mashhur Yamaykalik musiqachiga bo‘lgan muhabbatini abadiylashtirishga qaror qildi va tabiat mo‘jizasi bo‘lmish ushbu  parazitni “Gnatiya marleyi”, deb atadi.

Beyonse zaharli chivini

2012-yilning yanvar oyida kam uchraydigan zaharli chivinlarning yangi turi kashf etildi. Brayan Lessard ismli olim uni amerikalik qo‘shiqchi Beyonse sharafiga “Scaptia beyonceae”, deb nomladi. Olimning so‘zlariga ko‘ra, barchasiga hasharotning ko‘ksidagi tillarang tuklar sabab bo‘lgan. Ularni ko‘rganda olim negadir Beyonseni eslagan.

Jon Kliz lemuri

Mashhur aktyor va kulgi ustasi Jon Kliz hozirda yangi kashf etilgan lemurlar turiga o‘z nomini bergan. 2005-yilda “Avahi cleesei” lemuri olim – Urs Talmann tomonidan Madagaskardan topilgan. Talmann o‘z tanlovini shunday izohlaydi. Aktyor ishtirokidagi juda ko‘p filmlarda tabiat muhofazasi targ‘ib qilinadi, shu bois mutaxassis uni shu tariqa mukofotlamoqchi bo‘lgan. Kliz bu ish qalbini to‘lqinlantirib yuborganini aytib, lemurlar jonu-dili ekanligini ta’kidlagan.

Jorj Bush qo‘ng‘izi

Jorj Bush – bu AQSh prezidentigina emas, qo‘ng‘iz nomi hamdir. Biroq sobiq prezident bunday marhamatdan xafa bo‘lmasa ham bo‘ladi, uning sharafiga biologik tur nomlangan yagona davlat rahbari emas. Olim Kventin Uiller shu tariqa o‘z konservativ siyosiy pozitsiyasini namoyon qilgan. 2005-yilda u yana bir yangi biologik turni vitse-prezident Dik Cheyn va mudofaa vaziri Donald Ramsfeld sharafiga nomladi. Uillerning so‘zlariga ko‘ra, Jorj Bush bunday e’tibordan juda xursand bo‘lgan.

Keyt Uinslet qo‘ng‘izi

“Agra Katewinsletae” qo‘ng‘izi mashhur Gollivud aktrisasi Keyt Uinslett sharafiga shunday nomlangan. Aktrisaning “Titanik” filmidagi rolidan ta’sirlangan entomolog Terri Ervin shu tariqa o‘rmonlarning yo‘qolib borayotganidan xavotirini izohlagan. Filmda Uinsletning qahramoni qutulib qoldi. Biroq tropik o‘rmonlarining yirik maydonlari vayronaga aylanib, xuddi shunday taqdir kutib turganidan cho‘chiydi.

Adolf Gitler qo‘ng‘izi

Adolf Gitler sharafiga nomlangan ushbu ko‘r qo‘ng‘iz – “Anophthalmus hitleri” Sloveniyaning faqat beshta g‘orida yashaydi. Germaniyalik entomolog bu turni 1933-yilda kashf etdi va unga yangi tayinlangan kansler – Adolf Gitler sharafiga nom berdi.

Shahzoda Charlz qurbaqasi

2008-yilda kashf etilgan bu qurbaqa turi o‘z ismini 2012-yilda olgan. Uni shahzoda Charlz sharafiga “Hyloscirtus princecharlesi”, deb nomlashdi. Shahzodaning tropik o‘rmonlar faunasini yaxshilash uchun ko‘rsatgan yordamlari olimlar tomonidan baholanmay qolmadi. Shu tariqa Ekvadordan topilgan qurbaqa qirollik nomiga ega bo‘ldi.