Birja savdolariga “Navoiyazot” AJning  PVX va ammiakli selitra mahsulotlari qo‘yila boshladi

  • 18:06 / 29.01.2020
  • 233

Xususan, birja orqali PVX-S-6346-M (SG5) markali suspenziyalangan polivinilxloridni eksportga sotish uchun birja shartnomasi ochildi. Bu haqida “O‘zRTXB” AJning PR bo‘limi ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, shartnomaga shartlariga muvofiq tovar lotining boshlang‘ich narxi 1 000,0 AQSh dollari tashkil qiladi va bitta lot bir tonnaga teng. Tovarni yetkazib berish sharti – FCA “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ ning Tinchlik temir yo‘l stansiyasi.

Polivinilxlorid universal polimer bo‘lib, undan ko‘plab buyumlar tayyorlanadi. Ushbu xomashyodan turli plastik profillar, quvur plastikatlari, listlar, quvurlar, plyonka turlari, sun’iy teri, poyafzal plastikatlari va mebel qirralarini ishlab chiqarishda foydalaniladi.

Eksportga mo‘ljallangan ikkinchi shartnoma “B” markali ammiakli selitra uchun ochilgan bo‘lib, uning boshlang‘ich bahosi bir tovar loti uchun 12 285 AQSh dollarni va bitta lot 63 tonnani tashqil qilmoqda (bir tonnasi uchun 195 AQSh dollar). Tovarni yetkazib berish sharti – DAP “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ ning Keles temir yo‘l stansiyasi.

Umuman olganda, “O‘zRTXB” AJ ning valyuta savdo maydonchasida sotilayotgan tovarlar nomenklaturasini kengaytirilishi mahalliy mahsulotlarimizni horijiy bozorlarga olib chiqishda bozor mexanizmlarini yanada rivojlanishiga ko‘mak beradi.

Birja savdolarida ishtirok etish uchun birjada akkreditasiyadan o‘tish va “O‘zRTXB” AJ ning brokeri bilan shartnoma tuzishning o‘zi kifoya.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yil 28-dekabrda O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida barpo etilayotgan yangi korxonalar qurilishi bilan tanishib chiqqan edi.