Boks boʻyicha jahon chempionatida Oʻzbekiston nomidan kimlar ringga chiqishi ma’lum qilindi

  • 19:30 / 07.09.2019
  • 871

Boks boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi Rossiya Federatsiyasining Yekaterinburg shahrida tashkil etilgan oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini yakunladi. Ushbu yigʻin doirasida O‘zbekiston charm qoʻlqop ustalari jismoniy va taktik mashgʻulotlardan tashqari sparring janglarida ham ishtirok etishdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Oʻzbekiston boks federatsiyasi rahbariyati sportchilarimizning jahon chempionati bahslarida munosib ishtirok etishini taʼminlash maqsadida tayyorgarlikning soʻnggi bosqichini aynan musobaqalar oʻtkaziladigan Yekaterinburg shahrida tashkil etdi. 

Xabaringiz bor, 8-sentyabr kuni Yekaterinburgda boks boʻyicha jahon chempionati start oladi. Ushbu nufuzli musobaqada O‘zbekiston sovrinli oʻrinlar uchun eng asosiy daʼvogarlardan biri hisoblanadi.

Hozirda Marat Qurbonov boshchiligidagi terma jamoa murabbiylar shtabidan tashqari bokschilar shaxsiy murabbiylari ham Yekaterinburgda boʻlib turishibdi.

Boks boʻyicha jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi quyidagi tarkibda ishtirok etadi:

-52 kg: Shahobiddin Zoyirov

-57 kg: Miraziz Mirzaxalilov

-63 kg: Elnur Abdurayimov

-69 kg: Bobousmon Baturov

-75 kg: Fanat Qahramonov

-81 kg: Dilshodbek Roʻzmetov

-91 kg: Sanjar Tursunov

+91 kg: Bahodir Jalolov

Eslatib oʻtamiz, 2017-yilda Germaniyaning Gamburg shahrida boʻlib oʻtgan jahon chempionatida Shahram Gʻiyosov 69 kg vaznda oltin medalni qoʻlga kiritgan edi.