Bolalarga moliyaviy ta’lim berishning 5 qoidasi. Pul bilan muomala qilishda nimalarga ahamiyat berish kerak?

  • 23:10 / 14.02.2020
  • 601

Mamlakatimiz aholisining yarmi moliyaviy masalalarda hech narsa tushunmasliklarini tan oladi.  Ko‘plar hujjatlarni, hatto qarab ko‘rmasdan ham imzolashi bor gap. Har o‘ninchi odam esa oyiga qancha miqdorda pul sarflashini aytib berolmaydi. Agar o‘zimiz pul bilan muomala qilishni bilmasak, bolaga moliyaviy ta’lim berish haqida gap-so‘z bo‘lishi mumkinmi? Biz bolalarga, shu jumladan, kattalarga ham moliyaviy masalalarni tushunishga ko‘maklashuvchi bir necha asosiy qoidalarni tavsiya etamiz.  

1-qoida. Pul o‘ziga bo‘lgan beparvo munosabatni kechirmaydi.  
Bu fikr g‘alati eshitilishi mumkin. Chunki, ko‘pchilikning nazdida pul – bor-yo‘g‘i rangli qog‘oz va turli hajmli tangalar, nari borsa bank hisobida turuvchi raqamlar, xolos. Shunday ekan qanaqa qilib “kechirishi” yoki “jazolashi” mumkin? Agar pul – jamiyat a’zolari o‘rtasidagi munosabatlar mahsuloti ekanligini  eslasak, haqiqat oydinlashadi. Demak, moliya sohasiga oid bo‘lgan hamma narsa u yoki bu tarzda psixologiya qonunlariga bo‘ysunadi. Shuning uchun, masalan, axloqsiz odamning ishidan tortib shaxsiy hayotiga kiruvchi hamma narsa ayqash-uyqash, betartib, halovatsiz bo‘lishi ajablanarli emas. Odob-axloqli insonning hamma ishlarida, oilasida tartib bo‘ladi. Shuning uchun ham ota-onalar o‘z farzandlarini qat’iy tartiblarga o‘rgatib borishadi: o‘yinchoqlarini yig‘ishtirib qo‘yish, gigiyena qoidalariga, dars jadvaliga, kun tartibiga amal qilish kabi. Ana shular qatori bolalarda pul bilan muomala qilish ko‘nikmalarini ham shakllantirib borish juda muhim.  
   
Bolalarni necha yoshdan boshlab pul bilan muomalaga o‘rgata boshlash kerak? Mutaxassislar bu savolga 3-4 yoshdan deb, javob qaytarishadi.
 
O‘rgatishni o‘yin tarzida boshlang. “Do‘kon-do‘kon” o‘yinini o‘ynang. Bolaga turli qog‘oz pullar va tangalar nimasi bilan o‘xshashligi va qay jihati bilan farqlanishini tushuntiring. Shundan keyin, sekin-asta moliya olamiga yetaklashingiz mumkin. Birgalikda oilaviy xaridlar qiling, oilaviy byudjetni birgalikda hisoblang, rejalar tuzing.

Muhimi, yaxshi namuna bo‘la olishda. Bolalar avvalboshdan ota-onalarining pul bilan tartibli va ehtiyot bo‘lib muomala qilishlarini, o‘ylab sarflashlarini, zarur narsalarni xarid qilishlarini va ishlab topilgan mablag‘dan doimiy ravishda jamg‘arib qo‘yishlarini ko‘rishsin. Bunday munosabat natijasida yetishmovchilik bo‘lmasligini, jamg‘arib borilgan pul esa yirik xaridlarni amalga oshirishga, sayohatlarga, farovon hayot kechirishga sarflanishini tushunib yetishsin.

2-qoida. Pul – bu hamma masalaning yechimi emas  
Pulning mohiyatini oshirib yubormaslik kerak.  Bolaning hayotda eng muhim narsa – hurmat, muhabbat va do‘stlik ekanligini, bularni esa pulga sotib olib bo‘lmasligini bilishi juda ham muhim. Bola dunyo pul atrofida aylanmasligini, dunyoda puldan ham muhimroq, qiziqroq va arzigulik narsalar borligini aniq-tiniq tushunib yetishi shart.
   
Buning uchun esa ota-onalar o‘zlariga e’tibor berishlari kerak. Har kungi oilaviy suhbatlar “Yashash uchun pulni qayerdan olamiz?”, degan savol atrofida aylanib qolmayaptimikan? Bolaning u yoki bu narsa olib berish haqidagi iltimosiga asabiylashgan holda “Bunga pul yo‘q!”, deya do‘q bilan javob qaytarishmayaptimi? Maoshgacha bir necha kun mobaynida pul kutib, hatto, qozon osmay o‘tirib, maosh olinganda uyda turli shirinliklar, mazali ovqatlar, sovg‘alar bilan haqiqiy bayram uyushtirilmayaptimikan? Bularning hammasi bolada faqatgina pul muammolardan xalos bo‘lishga va quvonch ulashishga qodir ekan, degan fikrni shakllantiradi.
 
Bundan tashqari, bolaning do‘stiga oilasining holatiga qarab baho berish yaramaydi. Aks holda, bola inson qadrini pul bilan o‘lchaydigan bo‘lib qoladi. 

Bolaga “Pul hamma narsani hal qiladi”, demang. To‘g‘ri, pul yordamida ko‘pgina muammolarga barham berish mumkin, lekin bu inson tomonidan, uning xarakteri va harakatlari tufayli amalga oshadi-ku.

Yaxshisi, bolaga mehr-muhabbat, hurmat, haqiqiy insoniy qadriyatlarni singdiring. Yaqin kishiga bo‘lgan e’tiborning o‘rnini hech qanday boylik bosa olmasligini bilsin. Yana sog‘liqni, uyg‘un munosabatlarni yanada yaxshilash, mustahkamlashning pul bilan bog‘liq jihatlari ham bo‘lishini tushinsin.

3-qoida. Pul haqida ochiq gapiring, birgalikda qaror qabul qiling.  
Shunday oilalar borki (hatto moliyaviy ta’lim olgan oilalarda ham) bolalar oldida pul haqida so‘z ochilmaydi. Hech kim pul borasida bolaga tushuncha bermaydi. “Hali erta”, “Tarbiyasini buzib qo‘yishimiz mumkin”, deya o‘ylashadi. Bu – katta xato. Bola o‘z ota-onasi bilan bo‘lgan muloqot orqaligina pul qanday topilishi, u nimaga sarflanishini bilib oladi. Hattoki, bolalarga oilada kim ishlashi, ish deganning o‘zi nima, kattalar nima ish qiladi, agar onasi uyda bo‘lsa, u bola tarbiyasi bilan shug‘ullanayotgani haqida hikoya qilib berish kerak. Shu tariqa bola to‘g‘ri fikrlashga o‘rgatib boriladi. 

Pul borasida oilaviy muhokama – bu ham tarbiyaning bir turi. Bolalar turli onlayn-servislar va ilovalardan foydalanishni yaxshiroq bilishadi, bobo-buvilar esa tajribasi kattaligidan oila byudjeti borasida foydali maslahatlar berishadi. Shu tariqa moliyaviy savodxonlik darajasini oshirish va oilani yanada jipslashtirish mumkin. Va albatta, muhokamalar faqat foyda haqida emas, balki xarajatlar, imkoniyatlar haqida ham bo‘lsa, yanada yaxshi. Bularning hammasi birgalikda savodli moliyaviy xatti-harakatlarga asos yaratadi. Bank ishiga oid kreditlar, depozitlar va boshqalar haqida bolaning o‘zi keyinchalik bilib olishi mumkin.
 
Bola ishtirokida navbatdagi xarid muhokama qilinayotganda “Pul yo‘q”, demang. Bu luqmani bola xavf belgisi sifatida qabul qilishi mumkin va natijada o‘rinsiz stress paydo bo‘ladi. 
Yaxshisi, hatto oilada vaqtinchalik moliyaviy qiyinchilik hukmronlik qilayotgan bo‘lsa ham, bolaga u istayotgan narsa, albatta, sotib olinishi, buning uchun esa ozgina kutish kerakligini tushuntirgan ma’qul. Yoshiga qarab tushuntirishni turlicha amalga oshirsa bo‘ladi.

4-qoida. Bolalarga shaxsiy xarajatlari uchun pul bering  
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bolalar odatda o‘smirlikdan boshlab shaxsiy xarajatlari uchun pul olishni boshlar ekan. Biroq, ruhshunoslarning fikricha, boshlang‘ich sinflarda o‘qiyotgan bola mustaqil ravishda xarid qobiliyatiga ega bo‘lar ekan. Bu kelajakda uning pul bilan muomalasiga ijobiy ta’sir qilishi mumkin.
   
Kattalar sodir qiladigan yana bir xato – bolaga pulni o‘qishdagi muvaffaqiyati uchun, uyda bajarilgan ish uchun deya tizimsiz berishadi. Biroq, ular rag‘batlantirayotgan jihat oilaning vakili sifatida uning majburiyatiga kirishini unutib qo‘yishadi. Agar ustiga ustak, pul ham tizimsiz, ham doimiy ravishda berilsa, bola moliyaviy rejalashga va pulni to‘g‘ri sarflashga mutlaqo o‘rganmaydi. Bularning barchasi bolaga “cho‘ntak puli” berishning tarbiyaviy ahamiyatini “nol”ga tushirib qo‘yadi.

Bolaning darslarda oladigan yaxshi baholari uchun narx belgilash yoki yuvilgan idish uchun rag‘batlantirish mutlaqo mumkin emas. Bu bilan o‘zaro munosabatlarni buzasiz va bilimga motivatsiyalashni pasaytirib qo‘yasiz. Shuningdek, kayfiyat yaxshiligida yoki kattaroq maosh olganda bolalarga shunchaki “mukofot”, deb pul berish ham noto‘g‘ri.
    
Yaxshisi, bola uchun har haftada yoki 15 kunda ma’lum miqdorda pul ajrating. Pulning miqdori va berish davriyligini bolaning qiziqishlari, zaruratlari va imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda birgalikda maslahatlashib belgilang. Rag‘batlantirish tizimini ham o‘ylab topish mumkin. Biroq uy ishlariga ko‘maklashgani yoki maktabdagi muvaffaqiyatlari uchun emas, balki uning majburiyatlariga kirmaydigan sabablarni izlab toping. 
  
Bolaga qancha pul berish kerak?  U yoki bu ishi uchun mukofot tarzida pul berish bolaga salbiy ta’sir qilgan holatlarga ham, motivatsiya sifatida xizmat qilgan holatlarga ham misollar ko‘p. Masalan, u sizga internet-do‘kon orqali tovar tanlashga ko‘maklashdi va oilaning pulini iqtisod qildi. Iqtisod qilingan pulning bir qismini unga berdingiz. Yoki ish bo‘yicha sizga yordam berdi. Ko‘pgina bolalar hozir prezentatsiya kabi kompyuterda bajariladigan ishlarni bemalol eplaydi. Agar siz bolani o‘z ishingizga jalb qila olsangiz, u nima bilan shug‘ullanishingizni bilib oladi va pulni shunchaki bermasliklarini yana bir karra tushunib yetadi.

5-qoida. Bolalarga ishoning
Ayrim ota-onalar bolalarini moliyaviy xatoliklardan asrashga intilishadi. Misol uchun, bolaning yolg‘iz o‘zini do‘konga yuborishga qo‘rqishadi. Cho‘ntak pullarini noto‘g‘ri ishlatmasin yoki yo‘qotib qo‘ymasin, degan xavotirda tekshirib turishadi. Bolalar mohiyatan o‘z pullarini nazorat qilishmaydi.

Natijada pul taqsimotida mas’uliyat kamayadi va noto‘g‘ri xatti-harakatlar shakllanadi. Bolalar ota-onalaridan pul yashirishni boshlashadi yoki ota-onasining kutilmagan qarori tufayli ajralib qolmaslik uchun qo‘lidagi mablag‘ni tezroq ishlatib qo‘yishga intilishadi. Bundan shunday xulosa qilish mumkinki, bolalarda pulga to‘g‘ri munosabatni shakllantirishdan oldin ota-onalar bolaga ishonishni o‘rganishlari kerak.
Nima qilish mumkin? Pulni maqsadli jamg‘arish yoki oila byudjetiga munosib hissa qo‘shayotganini anglash bolada mas’uliyat va rejalashtirish qobiliyatini shakllantiradi. Misol uchun, oilada doim non va sut bo‘lishini bolaga topshirish mumkin. Mayli, bir-ikki marta esidan chiqarsin, ertalab sut ichilmasa ichilmas, bu bolaga dars bo‘ladi.

Uy hayvonlarini boqish ham bolada moliyaviy savodxonlikni oshiradi. Unga boqilayotgan jonivor uchun yemish sotib olish mas’uliyatini yuklang, jonivor uchun faqat u mas’ulligini ayting. Bola haftalik xarajatidan kelib chiqib, yemishni o‘z hisobidan sotib olsin. Bu uni javobgarlik bilan birga o‘zgalar haqida qayg‘urishga ham o‘rgatadi.
  
Bola moliyaviy sohadagi dastlabki bilimlarni oiladan oladi, oilada shakllantiradi. 
Eng yaxshisi, ota-onalar pul bilan to‘g‘ri, samarali va mas’uliyat bilan muomala qilish borasida o‘z farzandlariga namuna bo‘lganlari ma’qul. Agar bolaning moliyaviy jihatdan omadli bo‘lishini yoki shunchaki mustaqil bo‘lishni istasangiz, buni o‘zingizdan boshlang. Biz tavsiya qilgan qoidalarni hayotingizga tatbiq qiling.