Bolalarni xursand qilib, kattalarning qalbini yoritadigan filmlar to‘plami

  • 17:59 / 10.10.2019
  • 215

Ko‘pchilik multfilmlar faqat bolalar uchun mo‘ljallangan, deb hisoblaydi. Lekin bolalarga atalgan ba’zi filmlar kichkintoylardan ko‘ra, ko‘proq kattalarga ma’naviy ozuqa bera oladi. Inson qalbi yillar davomidagi zarbalar tufayli qattiqlashib boradi. Biz sizga tavsiya qilayotgan filmlar sizga bolalikka qaytib, beg‘ubor qalbingizni yana qayta uyg‘otishga yordam beradi, degan umiddamiz


Mening do‘stim robot (Robbi, Tobbi und das Fliewatüüt, 2016)

 

Tobbi ismli bola kosmik kemaning qulashi oqibatida Shimoliy qutb yaqinida ota-onasini yo‘qotgan Robbi ismli robot bilan uchrashadi. Tobbi musofirga yordam berishga qaror qiladi. Ular ucha oladigan va suzadigan ajoyib mashinaga o‘tirib, robotning ota-onasini qidirishga kirishadi. Robotning qanday yasalganligini bilish va oxirgi vintigacha burab ko‘rish istagida bo‘lgan  maxfiy josus ularning ortidan tinmay kuzatib boradi. 


Jim Pugovka va mashinist Lukas (Jim Knopf und Lukas der Lokomotivführer, 2018-yil)

 

Jim Pugovka va mashinist Lukas poyezdda uzoq masofali sayohatga chiqishdi. Yo‘l davomida ular turli sarguzashtlarni boshdan kechirishadi. Xususan, noma yozilgan shishani topib olib, malika Li Si’ni qutqarish uchun juda uzoq yo‘l bosishadi.  


Madagaskar (Madagascar, 2005)

 

Hayvonot bog‘idagi Marti laqabli zebra keng yaylovlarda erkin chopib yuradigan o‘z podalarini topishni, ular bilan yashab erkinlik hissini tuyishni xohlaydi. Kim nimani istasa, albatta, unga erishadi. Marti Aleks laqabli sher, begemot Gloriya, jirafa Melmon va quvnoq pingvinglar bilan Madagaskar oroliga tushib qoladi. Ularning yovvoyi tabiatga ko‘nikib ketishlari oson bo‘lmaydi. Do‘stlar bu vaqt oralig‘ida ko‘p sinovlarni boshdan o‘tkazishadi. 


Paddington (2, 2018)

 

Ayiqcha Paddington tasodifan qadimiy do‘kondagi o‘g‘rilikka guvoh bo‘lib qoladi. U yerdagi eski kitob o‘g‘irlanishida o‘zi ayblanadi va ingliz qamoqxonasiga tushib qoladi. Braunlar oilasi ayiqning nomini oqlash uchun ko‘p harakat qilishadi.


Meri Poppins qaytadi (Mary Poppins Returns, 2018)

 

Meri Poppins, Maykl va Jeynning tarbiyachisi bo‘lgan. Maykl katta bo‘lgach, o‘z bolalarini tarbiyalashda jiddiy muammolarga duch keladi. Yaxshiyamki, 20 yildan so‘ng ma’lum sababga ko‘ra, enaga qaytib keladi. Uning yordami bolalar tarbiyasiga yaxshi ta’sir qiladi, atrofni ertak va sehr bilan to‘ldiradi. U nafaqat bolalarga, balki “Olcha” ko‘chasida yashaydigan barcha odamlarga mehr ulashadi. 


Vall·i (WALL·E, 2008)


Chiqindi yig‘uvchi robot Valli Yerda yolg‘iz qoladi. Chunki, odamlar sayyoraning chidab bo‘lmas darajada ifloslanib ketganidan ulkan havo laynerida kosmosga qochib ketishadi. Tozalash uchun Yerda qolgan robotlar asta-sekin yo‘q bo‘lib ketishadi. Quvnoq robot Valli esa shahar ko‘chalarida qo‘shiq kuylab, chiqindilarni yig‘ib yuradi.  


Dorini izlab (Finding Dory, 2016)

 

Xotirasi pastroq bo‘lgan baliq Dori o‘tmishi haqida deyarli hech narsani eslay olmaydi. Biroq do‘stlarining ismini yaxshi eslaydi. Uning ba’zi-ba’zida ota-onasi bilan o‘tgan kunlari yodiga tushib qoladi. U bu zaif xotiralari bilan ota-onasini topishga kirishadi. 


Smulfot (Smallfoot, 2018)


Baland tog‘da tinch va osoyishta hayot kechiradigan yeti qabilasi bor. Bu qishloqdagilar odamlar borligini shunchaki uydirma deb biladi. Lekin bir kuni beso‘naqay Migo “smolfut” – ya’ni odamni ko‘rganini aytadi. Bunga qabiladoshlari ishonishmaydi va Migoni qishloqdan haydab chiqarishadi. Migo haqiqatni isbotlash uchun smolfutni qidirib yo‘lga tushadi.

Teglar