Bosh vazir qabulxonalariga o‘tgan uch oy mobaynida 12 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan

  • 22:31 / 11.09.2019
  • 207

Foto: Prezident Matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 11-sentyabr kuni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish hamda davlat byudjetiga kafolatlangan tushumlarni ta'minlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, soha sub'ektlarini har taraflama qo‘llab-quvvatlash yuzasidan mutlaqo yangi tizim yaratilmoqda. Tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi ko‘plab byurokratik to‘siqlar bartaraf etilmoqda.

Ushbu yangi tizim, yaqinda tashkil etilgan Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining muvofiqlashtiruvchi roli ostida Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari, Biznes-ombudsman, Savdo-sanoat palatasi, Adliya vazirligi, joylardagi hokimlarning birinchi o‘rinbosarlari boshchiligidagi iqtisodiyot kompleksi tashkilotlarining mazkur yo‘nalishda hamjihatlikda izchil ishlashini nazarda tutadi.

Tadbirkorlik subyektlariga moliyaviy ko‘mak berish maqsadida ularga tijorat banklari o‘ziga xos biznes-hamkor bo‘lishini ta'minlash bo‘yicha yangi konsepsiya amaliyotga joriy qilinmoqda.

Bunday tizimli amaliy choralar natijasida joriy yilning o‘tgan 8 oyida 70 mingta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2 barobarga ko‘pdir.

Shu bilan birga, hududlarda ishlatilmayotgan rezerv va imkoniyatlar yetarli. Sohani rivojlantirish bo‘yicha yangi tizim qanday ishlashi kerakligini joylarda ko‘pchilik rahbarlar hali chuqur anglab yetmayapti.

Bosh vazir qabulxonalari tashkil etilganidan keyin o‘tgan uch oy mobaynida unga 12 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan, ularning asosiy qismi kredit, yer ajratish va boshqa masalalar bilan bog‘liq. 

Murojaatlarning aksariyati Toshkent, Qashqadaryo, Andijon, Samarqand viloyatlariga to‘g‘ri kelgan. Ulardan 9 mingtasi yoki 75 foizi joyida, shundan 40 foizi bevosita tuman darajasida hal bo‘lgan. Bu holat ilgari quyi bo‘g‘in rahbarlari tadbirkorlik sohasidagi mavjud muammolar bilan umuman shug‘ullanmaganidan dalolat beradi.

Vazirlar Mahkamasiga Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi bilan birga Bosh vazir qabulxonalariga tadbirkorlik subyektlaridan tushayotgan murojaatlarda ko‘tarilayotgan muammolarning imkon qadar joyida hal etilishini doimiy ravishda muhokama qilib borish topshirildi.