Bosma OAVning elektron nashrini yuritishni o‘rgatuvchi qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etiladi

  • 22:30 / 06.05.2020
  • 156

Bu borada Vazirlar Mahkamasining davriy nashrlarni qo‘llab-quvvatlashga doir qarori loyihasi e’lon qilindi.
 
Unga ko‘ra, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari muassisligidagi davriy bosma nashrlarning veb-sayt shaklini yaratish va ularning faoliyatini yo‘lga qo‘yishda axborot xavfsizligini ta’minlash maqsadida ularning serverlari TAS-IX tarmog‘iga joylashtiriladi.

O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda 2020-yil 1-noyabrdan davlat hokimiyati va boshqaruv organlari muassisligidagi davriy bosma nashrlarning bosh muharrirlari, ularning o‘rinbosarlari, mas’ul kotiblar va jurnalistlar malakasini oshirish, xususan gazeta va jurnallar elektron nashrini yuritishda zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni shakllantirish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etiladi.

Shuningdek, 2021-yil 1-yanvardan shunday tartib o‘rnatiladiki, unga ko‘ra:

a) davlat hokimiyati va boshqaruv organlari muassisligidagi davriy bosma nashrlarning bosh muharrirlari ustuvor ravishda jurnalistika sohasida oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar orasidan tayinlanadi;

b) tuman, shahar ijroiya hokimiyati, davlat boshqaruv organlarining hududiy bo‘linmalari muassisligidagi davriy bosma nashrlar bosh muharrirlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etishda tegishlicha yuqori turuvchi davlat hokimiyati va boshqaruv organining xulosasi hisobga olinadi.