Braziliyada noma’lum genomli yangi virus topildi  

  • 22:42 / 11.02.2020
  • 1554

Viruslar – sayyoramizdagi eng kichik va ayni vaqtda eng xavfli mikroorganizmlardir. Viruslar doimiy ravishda rivojlanib borishi oqibatida juda moslashuvchan va murakkab ko‘rinishga ega bo‘lib bormoqda. Biroq, biz u haqida hamma narsani bilamizmi?

Yaqinda tadqiqotchilar virusning yangi bir turini aniqlashdiki, u hozirgacha ma’lum bo‘lgan birorta virusga o‘xshamaydi. Bu sirli virus Braziliyaning Belu-Orizonti shahrida mavjud Pampulya sun’iy ko‘lidagi amyobalardan olingan va ular odatdagi virus hajmidan ancha kichik. Olimlar unga “Yaravirus brasiliensis” deb nom berishdi. Bu bekorga emas, chunki u Janubiy Amerika xalqlari afsonalaridagi dengizchilarni ular bilan birga abadiy yashash uchun suv ostiga olib ketadigan Yara ismli suv parisiga juda o‘xshash, deb hisoblashmoqda.   

Yaqindagina identifikatsiyalangan Yaravirus oldingi viruslarga mutlaqo o‘xshamaydi

Amyoba virus – ulkan virusning qarindoshimi?

Olimlar Yaravirus brasiliensis’ning genomi, ya’ni DNK tuzilishini aniqlashganda – bu genomning 90 foizi zamonaviy fanga mutlaqo notanishligi ma’lum bo‘ldi. Tadqiqotchilar bu tadqiqotlarga bag‘ishlangan o‘z bloglarida antiqa filogeniya va kelib chiqishga ega amyoba virusining yangi turi ular uchun mutlaqo ajablanarli bo‘lganini ma’lum qilishgan. 
   
Braziliyadagi Minas-Jerays Federal universiteti virusologi Yonatas Abraxanning fikricha, tadqiqotlar jarayoni viruslar olamini hali uzoq vaqt mobaynida chuqur o‘rganish lozim. U ScienceMag.org nashriga bergan ma’lumotida “Yaravirus brasiliensis”ning ayrim genlari ulkan viruslar geniga juda o‘xshab ketishini, lekin ular o‘rtasida qanaqa bog‘liqlik borligi noma’lumligini aytgan. U hamkasblari bilan birgalikda hozirda yangi virusning yashashiga oid boshqa o‘ziga xosliklarni o‘rganishmoqda. 

Ulkan virus mikroskop ostida mana shunday ko‘rinadi

Umuman olganda tadqiqotchilar yangi virus izolyatsiyalangan noma’lum viruslar guruhidan kelib chiqqanligini yoki ulkan virusning uzoq qarindoshi bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishmoqda. Ulkan viruslar XXI asrda kashf qilingan. Bu organizmlar bakteriya hujaylari darajasidagi kattalikka ega. Virus zarrachalarini qoplab olgan oqsil qobig‘i tufayli ulkan virus, deb ataladi. Ulkan virus DNKsining uzunligi asosi 200 000 orfan genlari juftligidan iborat va ular boshqa organizmlarda uchramaydi.
  
Yaravirus 80 nm o‘lchamli mayda zarrachalardan iborat va noyob genomga ega. Olimlarning yozishicha, u murakkab emas va ulkan zarralari ham yo‘q. Biroq, Yaravirusda ilgari o‘rganilmagan genlar soni ancha ko‘pligi aniqlangan. Tadqiqotlar davom etadi va mutaxassislar yana yangi ma’lumotlarni taqdim etishadi, degan umiddamiz.    

Teglar