Braziliyada stadionlar kasalxonalarga aylantirilmoqda

  • 16:44 / 23.03.2020
  • 657

Braziliyadagi yetakchi futbol klublari koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda yordam berish tashabbusi bilan chiqib, o‘z maydonlarini maxsus kasalxonalarga aylantirish uchun mahalliy hokimiyat vakillariga topshirishyapti, deya xabar qilmoqda Aljazeera.com nashri.
Dushanba kuni ertalabki holat (23-mart)ga ko‘ra, Braziliyada virusni yuqtirish bilan bog‘liq holat 1 ming 546 tani tashkil etmoqda, 25 ta o‘lim holati qayd etilgan.   

Hukumat vakillari aholi nisbatan zich joylashgan San-Paulu va Rio de-Janeyro shaharlarida tibbiy inqirozni bartaraf qilishga urinayotgan bir paytda, mazkur tashabbus ortidan Braziliya A seriyasidagi 20 ta jamoaning yarmidan ko‘prog‘i o‘z maydonini bo‘shatib berdi. 

Jumladan, Janubiy Amerikaning amaldagi chempioni “Flamengo” klubi ham Rio de-Janeyrodagi mashhur “Marakana” stadionini sog‘liqni saqlash idoralari ixtiyoriga topshirmoqchi ekanini ma’lum qildi. 

“Ushbu qaltis vaziyatda men buyuk xalqimizni yangi umid berish va yaxshi kunlar uchun xizmat qilishga chaqiraman. Kelinglar, qariyalarga g‘amxo‘rlik qilaylik, eng muhtojlarga yordam beraylik!”, deb yozadi klub prezidenti Rodolfo Landim o‘z tarafdorlariga yo‘llagan xabarida.  

Mamlakatdagi eng yirik shahar – San-Paulu ma’murlari shahardagi shifoxonalarga tushadigan bosimni kamaytirish uchun “Pakaembu” stadionida 200 o‘rindan iborat kasalxona tashkil qilishini ma’lum qilishdi. Bundan tashqari yana ikkita mahalliy klub yordam berish istagini bildirgan. 

Braziliya Sog‘liqni Saqlash vaziri Luis Enrike Mandettaning taxminiga ko‘ra, virusning mamlakat bo‘ylab tarqalishi aprel-iyun oylarida eng yuqori nuqtaga yetib, sentabr oyidan pasayish kuzatilishi mumkin.