Bu yil hukumat va hududlar uchun “iqtisodiy kompleksni safarbar qilish yili” bo‘ladi – Shavkat Mirziyoyev

  • 19:37 / 08.01.2020
  • 796

Foto: Prezident Matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 8-yanvar kuni Davlat byudjeti parametrlarini ijro etish va hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha joriy yilgi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi

Videoselektorda yangi Soliq kodeksini hayotga to‘liq tatbiq etish masalasi atroflicha muhokama qilindi.
 
Joriy yil 1-yanvardan mamlakatimiz soliq tizimida 120 dan ortiq yangi qoidalar amaliyotga kiritildi. Bu qoidalar to‘g‘ri qo‘llanishi, aholining huquq va manfaatlari ta’minlanishi uchun o‘zgarishlardan barcha xabardor bo‘lishi kerak. 
Shu bois viloyatlar, tuman va shaharlar hokimlari boshchiligida iqtisodiy kompleks idoralari xodimlari va tadbirkorlarni o‘qitishni tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.

Kodeksning mazmun-mohiyatini anglagan holdagina uning sifatli ijrosini ta’minlashga imkon bo‘ladi. Undan tashqari, hujjatda ko‘zda tutilgan qoidalarni keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida barcha tumanlarda davra suhbatlari, seminarlar va boshqa targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish muhimligi qayd etildi. Ommaviy axborot vositalarida targ‘ibot bo‘yicha media reja ishlab chiqib, birinchi chorak davomida barchaga yetkazish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi. 

Yangi kodeksda soliq organlariga ham ko‘plab vazifalar yuklatilgan. Ularni sifatli amalga oshirish uchun soliq xodimlari bilim va saviyasini keskin oshirishi, tadbirkorlarga munosabatini tubdan o‘zgartirishi zarurligi ta’kidlandi. 

Davlat soliq qo‘mitasi, Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va Biznes-ombudsmanga xalqaro tajriba asosida, tadbirkorlar bilan muhokama qilgan holda soliq tekshiruvlari o‘tkazish tartibini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. 

Yig‘ilishda qurilishni moliyalashtirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Moliyalashtirish manbasi aniq bo‘lmagan ob’yektlarda qurilishni boshlash va loyiha-smeta hujjatlarisiz qurilishni moliyalashtirish taqiqlanishi qayd etildi.

– Bugungi topshiriqlar ijrosini samarali tashkil etish iqtisodiy kompleksdan katta mas’uliyat talab etadi. Shu bois bu yil hukumat va hududlar uchun “iqtisodiy kompleksni safarbar qilish yili” bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Videoselektorda soha va tarmoqlar rahbarlari, hokimlar belgilangan prognoz rejalarni bajarish, tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan hisobot berdi.