Bugatti Chiron avvalgi rekordni “quvib oʻtdi”

  • 18:51 / 03.09.2019
  • 4112

Bugatti kompaniyasi Chiron modelida yangi tezlik rekordi oʻrnatilganini eʼlon qildi: avtomobil 490,484 km/soat tezlikka erishgan. Modelning seriyali versiyasiga yaqin boʻlgan giperkarni poygachi Endi Uolles boshqargan. Shu tariqa Bugatti tezlik boʻyicha jahon reytingidagi oʻz oʻrnini qaytarib oldi.

Chiron 1500 ot kuchiga ega dvigatel bilan jihozlangan. Kompaniya tomonidan mashinaning eʼlon qilingan maksimal tezligi 420 km/soatni tashkil qiladi. Yangi rekord “seriyaliga yaqin boʻlgan giperkarda” amalga oshirilgani taʼkidlangan boʻlib, hozircha ikki variant orasidagi farq nimadan iboratligiga aniqlik kiritilmagan.

Brend prezidenti Shtefan Vinkelmann Bugatti bunday hayratlanarli natijaga erishgan ilk avtomobilsozlik kompaniyasi boʻlganini aytgan.
2017-yil kuzida poygachi Xuan-Pablo Montoyya Bugatti Chiron rulida boshqa rekordni oʻrnatgandi. U 42 soniyada mashinani 400 km/soat tezlikka erishtirib, uni toʻliq toʻxtatgan. Biroq bu natijani bir oydan keyin Koenigsegg Agera RS modeli ortda qoldirgan. Mashina shunday urinishni 36,44 soniyada bajargan. Shu yili mashinada 447 km/soat tezlikka erishilgan.
Aynan shu natijani Bugatti Chiron ortda qoldirishga muvaffaq boʻldi.