Bugun – Butunjahon psixik salomatlikni saqlash kuni. Psixik salomatlik uchun zarur 6 tavsiya 

  • 16:47 / 10.10.2019
  • 309

Картинки по запросу счастье

Har yili 10-oktabr Butunjahon psixik salomatlikni saqlash kuni (World Mental Health Day) sifatida nishonlanadi. Asosiy maqsadi – barcha davlatlarda psixik va hissiy buzilishlar profilaktikasini targ‘ib qilish bo‘lgan Butunjahon psixik salomatlik federatsiyasi (World Federation for Mental Health)ning tashabbusi bilan 1991-yildan buyon Psixik salomatlik kuni o‘tkazib kelinadi. 

Psixik salomatlik o‘zi nima? Bu – odam o‘z qobilyatlarini ro‘yobga chiqara oladigan, kundalik hayotiy stresslarga qarshi tura oladigan, samarali ishlab, jamiyat hayotiga o‘z hissasini qo‘sha oladigan farovonlik holatidir. 

Psixik kasalliklarning eng keng tarqalganlaridan biri – depressiya. Bugungi kunda 264 million odam undan aziyat chekadi. 

Depressiyadan saqlanish va psixik salomatlikka ega bo‘lish uchun nimalar qilish lozim? Keling, bu borada yordam beradigan 6ta maslahat bilan tanishamiz. 

• Dam olishga alohida e’tibor qarating

Oxiri ko‘rinmaydigan vazifalar, ishlar va tugab borayotgan muddatlar garchi ko‘proq harakat qilishni talab qilsa-da, biroz tin olish juda zarur. Kichik tanaffus sizda yangi quvvat paydo qiladi, ish jarayoniga yangi ilhom bilan sho‘ng‘ishingizga xizmat qiladi. Ammo buni bila turib, odatda ozroq dam olsak ham o‘zimizni dangasa his qilamiz va yana o‘zimizni ayblaymiz. Kelajakda o‘zingizni butunlay holdan toygan his qilmasligingiz, kasal bo‘lib qolmasligingiz uchun profilatika sifatida bir kunni haqiqiy dam olish kuniga aylantiring va organizmingizga dam bering.

• Informatsion diyeta qiling.

Nafaqat ish va shaxsiy munosabatlar, balki ortiqcha axborot ham stressga olib keluvchi manbalardan biridir. Yomon xabarlar, qo‘rqinchli voqealar haqida o‘qiganingizda “stress gormoni” deb ataluvchi kortizol gormoni ishlab chiqariladi. Organizmda kortizolning ortib ketishi nafaqat psixikaga salbiy ta’sir qiladi, qolaversa, qandli diabet va ortiqcha vaznga ham olib keladi. Shuning uchun vaqti-vaqti bilan axborot manbalaridan yiroqlashing. Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar kayfiyatingizni, psixikangizni boshqarishiga yo‘l qo‘ymang.
 
• Jismoniy faollik kun tartibingizdan joy olsin. 

Psixik salomatlik jismoniy salomatlik bilan uzviy bog‘liqligi hammaga ma’lum bo‘lsa kerak. Ammo har kim ham bunga e’tibor qilmaydi. Jismoniy mashqlar kayfiyatni yaxshilovchi va tabiiy energetik kabi ta’sir qiluvchi endorfin gormonlarining ishlab chiqarilishiga sabab bo‘ladi. Jismoniy faollik bilan dam olishni ham to‘g‘ri uyg‘unlashtira olish lozim. Madoringiz qolmay, yiqilib tushguningizcha shug‘ullanish yaramaydi. Uyqu ham 7-8 soat bo‘lgani ma’qul. Stressli kundan so‘ng kuchlaringizni tiklash uchun barvaqt uxlashdan yaxshiroq usul yo‘qligi ilmiy jihatdan isbotlangan. Agar doimiy ravishda jismoniy mashqlarga vaqt ajratish imkoningiz bo‘lmasa, kuniga hech bo‘lmaganda 10-15 daqiqa toza havoda sayr qiling va quyosh nurlaridan bahra oling. 

• Hissiyotlaringizni qabul qiling. 

Jahl, qayg‘u, qo‘rquv, umidsizlik kabi hislar, albatta, yoqimsiz. Ko‘pchilik ularni his qilmaslikka intiladi. Ammo bu hislar bejizga kelmaydi – ular sizning salbiy vaziyatlarga nisbatan tabiiy reaksiyangiz. Bu hislarni bostirish kamida nevrozga, yo‘qsa psixik va tana kasalliklariga olib keladi. Agar hissiyotlaringizni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ifodalashning iloji bo‘lmasa, ijod orqali (surat chizish, raqsga tushish, qo‘shiq aytish), sport bilan shug‘ullanish, biror yaqin insoningiz bilan dildan suhbatlashib yuzaga chiqaring. 

• Ojiz tomonlaringizni biling.

U yoki bu vaziyat sizda noqulaylik yoki stress chaqirishini bilsangiz, undan himoyalanishingiz osonroq bo‘ladi. Bu vaziyatlardan qochishingiz yoki qanday kurashishni o‘ylab ko‘rishingiz mumkin.

• Qobilyatlaringizni rivojlantiring.

Baxtsiz va tez-tez zerikuvchi odamlarning odatda hech qanday qiziqishlari bo‘lmaydi. Bugun istalgan soha: sport, fan, san’atda o‘z qiziqishingiz va iste’dodingizni topishingiz hamda rivojlanish imkoniyatingiz har qachongidan ko‘proq. Biror sohada muvaffaqiyatga erisha boshlasangiz, o‘zingizga nisbatan hurmatingiz oshadi, hayot ham qiziqarli ekanligiga guvoh bo‘lasiz. 

Bu tavsiyalar psixik salomatlikni saqlashingiz uchun yordam beradi, ammo ular “har dardga davo” emas. Vaziyat jiddiy tus olganda, psixologga murojaat qiling.

Sarvinoz OMONOVA