Buxoroda professionallar oʻrtasida R1 yoʻnalishida janglar oʻtkaziladi

  • 16:21 / 08.09.2019
  • 129

Bugun 7-avgust kuni qadim va hamisha navqiron Buxoro shahrida sportning qoʻl jangi turi boʻyicha professionallar oʻrtasida R1 yoʻnalishida katta janglar oqshomi tashkil etiladi. Unda Oʻzbekiston hamda dunyo qoʻl jangi yulduzlari ishtirok etadi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

6-avgust kuni Buxoroning ramzi “Ark” qoʻrgʻonida sportchilar ishtirokida vazn oʻlchash marosimi oʻtkazildi. Avvaliga mazkur janglarni “Ark” qoʻrgʻoni oldida tashkil etish koʻzda tutilgan edi. Biroq, soʻnggi pallada jang tashkilotchilari barchaga qulay boʻlishi uchun bahslarni Buxoro shahridagi Amfiteatr binosiga koʻchirishga qaror qildi. 

7-avgust kuni soat 19:00da boshlanadigan qoʻl jangi kechasida O‘zbekiston sharafini qoʻl jangi ustalari Muzaffar Rajabov, Hasan Bozorov, Farruh Fayziyev, Otabek Hamzaliyev, Amrillo Joʻrayev, Mironshoh Jaʼfarov, Shahboz Tursunov hamda Mironshoh Olimovlar himoya qilishadi.

Qoʻl jangining markazida asli buxorolik Muzaffar Rajabov braziliyalik taniqli aralash qoidalar ustasi Maykl Falkaoga qarshi ringga koʻtariladi. Mazkur jang chempionlik kamari uchun tashkil etiladi.

Professionallar oʻrtasidagi mazkur oqshom Oʻzbekiston qoʻl jangi federatsiyasi, Buxoro viloyati hokimligi, Butunjahon kombat federatsiyasi hamda bir qator tashkilotlar hamkorligida oʻtkazilmoqda.

“Sport” telekanali ushbu qiziqarli janglarni bugun soat 20:00dan boshlab toʻgʻridan-toʻgʻri namoyish etishni rejalashtirgan.