Buyuk Britaniya axborot tizimi o‘rganilmoqda

  • 20:04 / 08.11.2019
  • 76

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Buyuk Britaniya hukumati vakillari hamkorligida matbuot kotiblari uchun o‘quv seminar tashkil qilindi, deya xabar beradi agentlik.

Davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlarining kommunikatsion imkoniyatlarini oshirish, OAV bilan ishlash va media rejalashtirish bo‘yicha xorij tajribasini qo‘llash muhim ahamiyat kasb etadi.

Joriy yilning sentabr oyida AOKA hamda Buyuk Britaniya hukumati o‘rtasida imzolangan o‘zaro hamkorlik memorandumi mamlakatimizda erkin va shaffof axborot maydonini yaratish, axborot sohasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, xorij mutaxassislarini jalb qilgan holda matbuot kotiblari malakasini oshirish, ishlash uslubini zamon talablariga uyg‘unlashtirish va shu yo‘l bilan ular faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish kabi maqsadlarga qaratilgan.

Uch kun davomida amaliy mashg‘ulot va debatlarga boy o‘tgan tadbirda ishtirokchilar ma’lumolar uzatishda Buyuk Britaniya hukumatining strategik va raqamli aloqalardan foydalanish tajribasi, axborot uzatishning samarali usullari, kasb etikasi va mas’uliyati, jamoatchilik va tashkilotlar bilan samarali hamkorlik munosabatlarini o‘rnatish kabi ko‘plab foydali ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.

“– Bugungi kunda “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qaroridan so‘ng barcha matbuot xizmati rahbarlari oldiga katta imkoniyatlar bilan birga, qator vazifalar va mas’uliyat yuklatilgan, – dedi “Asaka” ATB axborot xizmati boshqarmasi boshlig‘i Xurshidabonu Nazarova. – Ochig‘ini aytish kerak, uch kunlik seminarga taklif qilingan 40 dan ortiq tashkilot vakillarining hammasida ham chet elga borib malakasini oshirish yoki pullik onlayn seminarlarda ishtirok etish imkoniyati mavjud emas. 

Yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda tashkilotlarda faoliyat yurituvchi hamkasblarim qatorida men ham Buyuk Britaniya hukumati tomonidan axborot siyosati qanday amalga oshirilishi, matbuot xizmatlari va davlat idoralari bilan hamkorlik aloqalari qay tarzda yo‘lga qo‘yilgani va zamonaviy tendentsiyalar haqida ko‘plab qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldim. Asosiysi, tashkilot imijini yaratishda axborot xizmati faoliyatini yanada qiziqarli yo‘lga qo‘yish va yangi bosqichda harakat qilish uchun ko‘plab g‘oyalarni o‘zim uchun belgilab oldim”.

Mazkur o‘quv-seminar Memorandum doirasida rejalashtirilgan O‘zbekiston axborot-xizmatlarining salohiyatini oshirishga qaratilgan qator tadbirlarning debochasidir.