Buyuk aktrisa, ezgulik elchisi, nafosat ramzi: Odri Xepbyornning hayotiy iqrorlari

  • 23:51 / 08.10.2019
  • 623

Agar uning bo‘yi atigi 2 santimetr pastroq bo‘lganida, hozir dunyo buyuk bir aktrisa, millionlab qizlar o‘xshashga intiladigan maftunkor ayol va saxovatpesha tinchlik elchisini tanimagan bo‘lar edi…  

Odri Xepbyorn 1929-yilning 4-mayida Bryussel (Belgiya)da tug‘ilgan. 5 yoshida onasi qizaloqni Angliyadagi internat-maktabga yuboradi. U yerda Odri ingliz tilida erkin gaplashishni o‘rganadi va unda balerina bo‘lish orzusi paydo bo‘ladi. 

Фильмы.

Afsuski, urush tufayli onasi Odrini xavfsiz bo‘ladi degan umidda Gollandiyaga olib keladi. Ammo urush bu yerga ham changal soladi. 1941-yildan Odri boshqa bolalar singari ochlikdan qiynalib, o‘lim yoqasiga yaqinlashib boradi. Urush yillaridagi ochlik qizaloqda anemiya, nafas olish tizimi kasalliklari va tanada turli shishlarni rivojlantirdi. 

Urush yakunlangach, Odri Xepbyorn orzusini amalga oshirish – balerina bo‘lish umidida Angliyaga qaytishga qaror qiladi. Biroq tajribasizlik va ochlik izsiz ketmaydi va yosh qizga Angliyaning eng yaxshi balet dargohiga kirish imkonini bermaydi. 170 santimetrlik bo‘yi va juda ozg‘inligi sabab u uchun balet eshiklari yopiladi. 

Фильмы.

Biroq qizni aktrisalik sohasida ulkan shuhrat kutib turgan edi. Odri ilk jiddiy rolini kinoda emas, teatrda 1951-yilda ijro etdi. Uning myuzikldagi mahorati aqlbovar qilmas mashhurlikka ilk qadam bo‘lib xizmat qildi. Unga Gollivud rejissyorlari qiziqib qolishadi. Sinovlarda hammani hayratga solgan Xepbyorn birdaniga “Rim ta’tillari” filmida bosh rolga tasdiqlanadi. Ushbu film aktrisaga olamshumul shuhrat olib keldi. Shundan so‘ng uni juda ko‘p filmlarga bosh rolga taklif qilishdi. Odrining eng mashhur roli “Tiffani bilan nonushta” filmidagi Xolli Golaytli obrazidir. 

Фильмы.

Murakkab va qahrli Gollivud olami aktrisani hissiz va sovuqqon qila olmaydi. Odri butun umr urush va ochlik dahshatlarini unutmaydi. Keyinchalik aktrisalik faoliyatiga nuqta qo‘yib, o‘zini oilaga bag‘ishlaydi. Mashhurligi orqali ko‘p yaxshiliklar qilishga imkoni yetishini tushungan Odri 1988-yilda UNICEFning ezgu niyat elchisiga aylanadi. Bu haqida uning o‘zi shunday deydi: “Butun umr shu ish uchun repetitsiya qildim va mana endi o‘z rolimni topdim”. 

Фильмы.

Bu buyuk ayol Afrika mamlakatlari muammolarini iloji boricha ko‘proq odam bilishini istar, do‘stlarini xayriya qilishga undar va o‘zi ham xayriya fondlari ochgandi. 

Фильмы.

1993-yilning 20-yanvarida afsonaviy aktrisa olamdan o‘tdi. Undan 31ta film va juda ko‘plab ezgu amallar qoldi. 
Odri Xepbyornning mashhur so‘zlari:

• Agar senga yordam qo‘li kerak bo‘lsa, shuni bil: u senda bor – o‘z qo‘ling bor. Ulg‘ayganingda ikkita qo‘ling borligini tushunib yetasan: biri – o‘zingga yordam berish uchun, yana biri – boshqalarga. 
• “Yig‘ib olish, tuzatish va o‘rniga qo‘yilishiga buyumlardan ham ko‘ra odamlar ko‘proq muhtojdirlar. Hech qachon hech kimni uloqtirmang…”.
•  Mening yagona rojdestvo tilagim – yer yuzidagi barcha bolalar uchun tinchlik.
• Oyim butun umr menga shuni singdirgan: foydali inson bo‘lish kerak. U muhabbatni olishdan ko‘ra, uni berish muhimroq ekanligiga ishonardi. 
• Odamlarning faqat yaxshi tomonini ko‘rishga intiluvchi ko‘zlar chiroylidir. 
• Meni kulishga majbur qiladigan odamlarni yaxshi ko‘raman. Kulishni hamma narsadan ko‘proq yaxshi ko‘rishim rost. U ko‘plab kasalliklarni davolaydi. Ehtimol, u odamdagi eng muhim narsadir.
• Kosmetika yuzingni o‘zgartirishi mumkin, ammo iching xunuk bo‘lsa, u ojizdir. 
• Mo‘jizalarga ishonmaydigan odamlarni realist deb bo‘lmaydi. 
• Mening hayotim ertakka o‘xshaydi. Og‘ir damlarim bo‘lgan, ammo tunnel oxirida har doim yorug‘likni ko‘rganman. 
• Imkonsiz narsaning o‘zi yo‘q. Shu so‘zning o‘zidayoq imkon so‘zi bor!

Sarvinoz OMONOVA tayyorladi

Teglar