Cho‘ntak pullari bolalarni moliyaviy savodxonlikka o‘rgatadi  

  • 10:02 / 23.05.2020
  • 171

Bolalarga 5-7 yoshligidan boshlab pul bera boshlagan ma’qul. Shu tarzda ularni pul bilan muomala qilishga, bekorchi narsalarga sarflamaslikka o‘rgatiladi. Bola shu yoshidan boshlab nima juda ham zarurligini, nimani keyinga qoldirish mumkinligini o‘rganib borishi kerak.  
Bola bilan birgalikda do‘konga borish va o‘ziga tanlash imkonini berish mumkin: ayni paytda shunchaki nimanidir sotib olish muhimmi yoki pul jamg‘arib borib, sal keyinroq bo‘lsa ham muhim narsani xarid qilgan ma’qulmi?  Odatda bolalar pulni shu zahotiyoq sarflashni yoqtirishadi. Biroq, bolaga astalik bilan pulni kerakli narsani sotib olish uchun yo‘naltirishga o‘rgatsa bo‘ladi.  

Kichik yoshdan pul berishning ahamiyati nimada?
Bolada cho‘ntak puli bo‘lmasa o‘zini tahqirlangandek his qilishi mumkin. Agar unga pul bermasangiz, o‘rtoqlarida pul bo‘lsa, bu holatda bolakay yo o‘rtoqlaridan qarz olishni boshlaydi yoki bildirmasdan “o‘marish”ni boshlaydi. Ayrim bolalar sinfdoshlari bilan biror joyga borishni istashmaydi. Chunki, ularda cho‘ntak puli yo‘q. Hamma bola bodroqmi, shirinlikmi sotib olayotganda mulzam bo‘lib qolishni istamaydi.   
Bolaga cho’ntak puli qanchalik erta berib boshlansa, shunchalik yaxshi. U pulni qanday qilib ishlatishni o‘rgana boshlaydi. Jamg‘arishi, jamg‘armasiga kimgadir sovg‘a xarid qilishi mumkin. Shu tariqa pulni rejalab sarflashni o‘rgana boshlashadi.  
Ota-onalar boshidanoq o‘z bolalariga ular istagan hamma narsani sotib olib bera olmasliklarini, istagan narsasini esa pul jamg‘arib, xarid qilishi mumkinligini tushuntirib qo‘yganlari ma’qul. Ayrimlar biror idishga pul to‘plashni boshlaydi. Yana birovlar bolasi uchun bankdan jamg‘arma hisobini ochishadi va kartochkani bolaning qo‘liga tutqazishadi. O‘zlari esa bola nimalarga pul sarflayotganini nazorat qilishadi. 

Cho‘ntak pullari bolani moliyaviy savodxonlikka qanday qilib o‘rgatadi?
Bola katta bo‘lganida unga pul ishlash yo‘llarini o‘rgatish mumkin. Ma’lumki, ko‘pgina ish beruvchilar yuqori sinf o‘quvchilarini 14 yoshga to‘lganidan keyin ishga olishadi. Ular varaqalar tarqatish, nimanidir yetkazib berish kabi ishlar bilan shug‘ullanishadi, biroq mehnat daftarchasi ochilmasligi aniq.  
Aniqki, ish o‘qishga mutlaqo halaqit bermasligi kerak. Shuning uchun bolaga muhimi ayni yoshda yaxshi o‘qish, ta’lim olish ekanligini tushuntirib qo‘yish zarur. Pul topishga esa ta’til kunlari yoki kechki payt chiqish mumkin.   

Rejalashga o‘rgatamiz
Agar bolani hamma xarajatlarni yozib borishga o‘rgatsak va uning xaridlarini birgalikda do‘stona muhokama qila olsak, u tez orada o‘zining xato va kamchiliklarini tushunib oladi. Agar bolani pul bilan to‘g‘ri munosabat qilishga o‘rgata olsak, katta bo‘lganida kasodga uchramaydi. U ortiqcha pul sarflamaydi, kreditga o‘tirmaydi yoki o‘g‘irlik qilmaydi.    
Agar bolaga cho‘ntak pullari berilmasa va oilaviy byudjet sirlari tushuntirib borilmasa, keyinchalik nima muhim va birinchi darajali,  qaysilari unchalik muhim emasligini mutlaqo farqlamaydigan bo‘lib qoladi.  Shu tufayli bolalikdagi orzularini o‘zi pul topa boshlaganidan keyin amalga oshira boshlaydi. Bu bilan o‘zini baxtli his qiladi.    
Baxtni pul bilan almashtirish holatlari doimo uchrab turadi va bora-bora xarajatlar daromaddan ustunlik qila boshlaydi. Doimiy daromad manbai bo‘lsa bu qo‘rqinchli emas, ammo fors-majorli vaziyatlarda o‘smir yoki allaqachon balog‘at yoshiga kirgan yosh vahimaga tusha boshlaydi.  Katta odam o‘ziga zarur miqdorni do‘stlaridan yoki bankdan qarz olishi mumkin bo‘lsa, o‘smir ko‘p holatlarda o‘g‘rilikka qo‘l uradi.    Bunday hodisalar yuz bermasligi uchun har bir kishida bolalikdan moliyaviy savodxonlikni shakllantirgan va xatto, eng kichik maoshdan ham jamg‘arib borish muhimligini tushuntirib borgan ma’qul. 

Navfalbek Boltayev tayyorladi