Dam olish uchun xarajatlar me’yoridan oshmasligi uchun maslahatlar

  • 10:44 / 23.05.2020
  • 103

Ayrim odamlar oylik maoshini qo‘lga kiritgan zahoti turli xaridlarga, dam olishga sarflab qo‘yib, keyingi maoshgacha iqtisod rejimida kun ko‘ra boshlaydi. Bunday bo‘lmasligi uchun xarajatlarning, dam olishga ajratiladigan pul miqdorining me’yordan oshib ketmasligini nazorat qilish juda ham muhim hisoblanadi.  Ehtimol, dam olishning nisbatan arzonroq bo‘lgan muqobillarini tanlashga ham to‘g‘ri kelishi mumkin.  
Nima qilish zarur?
Misol uchun: 
Kafelarga biron bir sababsiz kirmaslikka harakat qilamiz. U yerda narxlar ancha baland, kofe yoki pitsani uyda ham iste’mol qilish mumkin.  
Kinoteatrlarning kechki seanslari qimmatroq turadi. Seanslarga esa popkorn, yong‘oq olib kiramiz. Bu xarajatlarni ko‘paytirib yuboradi. Agar shu filmni ko‘rishni juda ham istasangiz ertalabki vaqtlarda kiring.   

Xuddi shu fikrni tungi klublar, diskotekalar va boshqa dam olish maskanlari haqida ham aytish mumkin. Ularning kirish chiptalari nafaqat juda qimmat, balki ichimliklarining narxi ham haddan tashqari baland. Bunday dam olishlardan voz kechgan afzal emasmi?  
Ko‘ngilochar, damolish maskanlariga kirishda aksiya va chegirmalardan foydalaning. Hatto, kafelarda ham promokoddan foydalangan holda yarim bahosini to‘lab, ovqatlanish mumkin.  
Agar ayni paytda juda ham zarur bo‘lmasa, dizaynerlik mahsulotlaridan ham voz kechgan ma’qul. Do‘konlardan sotib olingan ko‘ylak qimmatbahosidan mutlaqo farq qilmasligi mumkin.   
Sportzalga kirish uchun qimmat abonementdan voz kechib, bir martalik mashg‘ulotlarga qatnang. Kino yoki teatrni esa uyda, onlayn rejimida ham tomosha qilish mumkin. Bu ancha arzon, sahnada tomosha qilgandagidan farqi yo‘q.   
To‘g‘ri, hayot zerikarli bo‘lib qolmasligi uchun dam olish turlarining barchasidan birdaniga voz kechib bo‘lmaydi. Oyda 1, 2 marta sayrga chiqish yoki tug‘ilgan kunlarni restoranda nishonlash mumkin. Bu nafaqat pulingizni tejaydi, balki har jihatdan yoqimli ham bo‘ladi. Ikki karra foydaga ega bo‘lasiz.  

Agar savdo markazlarini aylanmoqchi bo‘lsangiz, buni ham iqtisod nuqtai-nazaridan amalga oshiring. Faqat zarur narsalar uchun rastalarni aylanishni odatga aylantiring. Har narsa uchun bekordan bekorga pul sarflashning nima keragi bor? Savdo markazlariga borganda kredit kartalarini uyda qoldiring. Do‘kondagi tovarlarning narxini esa  saytlardagi narxlar bilan solishtirib oling.  Do‘konda kiyib ko‘rgan ko‘ylagingizni, agar arzonroq bo‘lsa, sayt orqali buyurtma qilishingizga hech kim monelik qilmaydi.  
Duch kelgan narsani xarid qilaverish yaxshi emas. Narsani sal chetga surib qo‘yib, yaxshiroq taklif beruvchilarni izlash kerak. Savdo markazlariga bolalar bilan birga bormagan yaxshiroq. Turli yeguliklarni so‘rashsa mayli, biroq mo‘ljalda yo‘q narsani olib berasan, deb xarxasha qilishlari bor gap. Qolaversa, zarur narsani xarid qilish uchun kamroq vaqt sarflashimiz aniq.  
Iqtisod rejimida zerikish bo‘lmaydi
Hayot butunlay zerikarli bo‘lib qolmasligi uchun hamyonga zarar qilmaydigan yo‘llarini izlash kerak. Masalan, shahar bo‘ylab piyoda sayr qilish, park yoki hayvonot bog‘iga borish mumkin. Dam olish kunlari shahardan tashqariga chiqib, tabiat go‘zalliklaridan bahra olgan ham yaxshi. Bu ancha arzonga tushadi. Tassurotlar yanada yorqinroq bo‘lishi uchun suratga oling. Xarajatlarni ko‘paytirmasdan turib, hayotni go‘zallashtirish uncha qiyin emas. Sal jiddiyroq fikr qilinsa, bundan ham zo‘r variantlarni topish mumkin.  

Navfalbek Boltayev tayyorladi