Davlat bojxona qoʻmitasi: Endi bojxona hujjatlarini rasmiylashtirishda haftalab ovoragarchiliklar boʻlmaydi

  • 22:07 / 11.09.2019
  • 40

Bugun, 11-sentyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2018-yilning 12-aprelidagi farmoni ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, shuningdek, sohada amalga oshirilayotgan islohot va turli yangiliklar yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillariga soha mutasaddilari maʼlumot berishdi.

Jumladan, anjumanda ishtirok etgan Davlat bojxona qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Gʻafurjon Shukurovning taʼkidlashicha, soha faoliyatini tubdan oʻzgartirishga qaratilgan Farmon va Qarorda tizimni umumeʼtirof etilgan xalqaro norma va standartlarni hamda bojxonani soddalashtirilgan shaffof tizimga aylantirishning ustuvor yoʻnalishlari belgilab berilgan.

“Chunonchi, yashil va sariq yoʻlak tamoyilining qoʻllanilishi oqibatida import va eksport qiluvchlarga katta yengillik yaratilgan. Ayniqsa, yashil yoʻlak orqali eksport qilinayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari sanoqli daqiqalarda hujjatlashtirilayotgani sohaning rivojlanayotganidan dalolatdir. Kelgusida import qiluvchilarga ham soddalashtirilgan tartib joriy qilinishi boʻyicha ham ishlar olib borilyapti”, – deydi Gʻafurjon Shukurov. 

Shuningdek, hozirgi kunga kelib bojxona xujjatlarini rasmiylashtirishga oʻrtacha 15 daqiqa vaqt sarflanayotgani, bundan uch yil oldin esa bu kabi ishlarga kunlab, hatto haftalab vaqt ketgani, natijada qanchadan qancha tadbirkorlar inqirozga uchragan holatlar ortda qolgani alohida ta’kidlandi.