Davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yerlarni olib qo‘yishning yangi tartibini belgilovchi Kodeks muhokama qilinmoqda

  • 17:14 / 22.05.2020
  • 64

Ayni kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Respublikasi Shaharsozlik kodeksining yangi tahrirdagi loyihasi ko‘rib chiqilmoqda. 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Akmal Burxanovning ma’lum qilishicha, loyiha bilan sohaga bir qator muhim yangiliklarni joriy etish nazarda tutilmoqda.

Xususan, kodeksga “Shaharsozlik faoliyati sohasidagi jamoatchilik nazorati” degan yangi bob kiritilmoqda. Unda jumladan, yer uchastkalaridan foydalanishda, qurilishga ruxsat berishda, aholi punktlari, bino va inshootlarni loyihalash hamda qabul qilishda, fuqarolar manfaatlariga daxldor bo‘lgan masalalarni hal qilishda aholisi tomonidan jamoatchilik muhokamalari va eshituvlari o‘tkazilishi mumkinligi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, loyihada qaysi hollarda fuqarolardan yer uchastkalarini olib qo‘yish mumkinligi belgilanmoqda.

Xususan, Davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yerlar:

- yerlarni mudofaa va davlat xavfsizligi, qo‘riqlanadigan tabiiy hududlar ehtiyojlari uchun, erkin iqtisodiy zonalarni yaratish va faoliyat ko‘rsatishi uchun berish;

- O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlarini bajarish;

- foydali qazilmalar konlarini aniqlash va ishlash;

- avtomobil va temir yo‘llar, aeroport, aerodrom, aeronavigasiya ob’yektlari va aviatexnik markazlar, temir yo‘l transporti obyektlari, ko‘priklar, metropoliten tonnellari, energetik tizim va elektr uzatish liniyalari obyektlari, aloqa liniyalari, kosmik faoliyat obyektlari, svgistral quvuro‘tkazgichlar, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari qurilishi;

- ta’lim va davolash muassasalari, internatlar va mehribonlik uylarini, jumladan, davlat-xususiy sherikchilik doirasida qurish;

- maydonlar, shuningdek, istirohat bog‘lari, alleya, bulvar, dam olish zonalari, ko‘llar, suv omborlari, hovuzlar va boshqa rekreasiya ob’yektlarini qurish;

- aholi punktlari bosh rejalarini O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘laridan va  davlat tashkilotlari mablag‘laridan moliyalashtiriladigan ob’yektlar qismida bajarish uchun olib qo‘yilishi mumkin.

Shuningdek, aholi punktlarining tasdiqlangan bosh rejalari mavjud bo‘lmagan holda aholining turmush va maishiy sharoitlarini yaxshilash, ijtimoiy, muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida yer uchastkalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan olinishi mumkin.

“Umid qilamanki, kodeks loyihasini takomillashtirish jarayonida deputatlar aynan mana shu normalarga asosiy e’tiborlarini qaratadilar”, deya o‘z munosabatini bildiradi Akmal Burxanov.