Dollar kursining tez sur’atlarda o‘sishining sababi nimada?

  • 11:18 / 12.08.2019
  • 3731

Markaziy bank 10-avgustdan valyutalarning yangi kursini e'lon qildi va O‘zbekiston so‘mining keskin kuchsizlanishi nima bilan bog‘liqligini tushuntirdi.

Bunday vaziyatning shakllanishiga bir qator tashqi va ichki omillar sabab bo‘lmoqda. 

Tashqi omillar, joriy yilning iyul oyidan boshlab O‘zbekistonning asosiy hamkor davlatlari (Rossiya, Qozog‘iston va Xitoy) milliy valyutalari almashuv kursining qadrsizlanish tendensiyasi kuzatilmoqda va bu, o‘z navbatida, ichki valyuta bozorimiz ishtirokchilarining almashuv kursi bo‘yicha kutilmalari va qarorlar qabul qilish jarayoniga ma'lum darajada ta'sir ko‘rsatmoqda.

Ichki omillar, asosan, import qiluvchi xo‘jalik yurituvchi sub'ektlar tomonidan xorijiy valyutaga bo‘lgan talabning o‘sib borishi bilan bog‘liq.

Ichki valyuta bozorida talab va taklif  hajmlari ma'lum bir darajada barqaror shakllangan davrda, Markaziy bankning intervensiyalari ishlab chiqaruvchilardan monetar oltinni sotib olish natijasida hosil bo‘lgan qo‘shimcha likvidlikni sterilizatsiya qilish bilan birgalikda, valyuta kursini qisqa muddatli tebranishlarini pasaytiruvchi instrument sifatida qo‘llanib kelinadi. 

Bunda ichki valyuta bozorida yuzaga kelgan joriy holatni inobatga olib, Markaziy bank intervensiyalarni amalga oshirishda valyuta kursi kunlik tebranishining kengaytirilgan koridorini qo‘llash mexanizmiga o‘tmoqda.

Markaziy bank almashuv kursining valyuta bozorida yuzaga kelgan joriy holatga qisqa muddatli kurs tebranishlarining davom etishi hamda keyinchalik fundamental trendiga qaytishi hisobiga katta bo‘lmagan o‘zgarishlar bilan moslashib olishi mumkinligini bildiradi.