Dunyodagi eng “baxtsiz” davlat

  • 21:27 / 02.12.2019
  • 2001

Burundi Respublikasi Markaziy va Sharqiy Afrikaning Buyuk ko‘llar mintaqasida joylashgan. Dengizga chiqish imkoniga ega bo‘lmagan bu davlat Tanzaniya, Ruanda va Kongo bilan chegaradosh. Aholisi 9,8 million nafar. Asosiy xalqlari – xutu, tutsi, lingala va tva.

бурунди население

Tarixi

Burundi qariyb 200 yil davomida mustaqil qirollik sifatida mavjud edi, ammo XX asr boshida Germaniya, Birinchi Jahon urushidan keyin esa Belgiya tomonidan mustamlaka qilingan. 1962-yilda mamlakat mustaqillikka erishganida, u monarxiya shaklida boshqarildi, ammo to‘ntarishlar, qotilliklar va mintaqadagi beqarorlik 1966-yilda bir partiyali respublikaning paydo bo‘lishiga olib keldi. 1970-1990-yillarda mamlakatda fuqarolik urushi va genotsid holatlari yuz bergan.

Qashshoqlik, infratuzilmaning sustligi, korrupsiya, ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanishning cheklanganligi, to‘yib ovqatlanmaslik, siyosiy beqarorlik va ishsizlik – burundiyaliklar duch keladigan asosiy muammolardir. 2018-yildagi baxtli davlatlarni aniqlash hisobotiga ko‘ra, Burundi – dunyodagi eng baxtsiz davlat, deb tan olindi.

бурунди африка

Faktlar

Poytaxti Bujumburadan Gitega shahriga ko‘chirilgan.

2019-yil yanvar oyida Burundi parlamenti shaharni urbanizatsiyalash va infratuzilmani rivojlantirish maqsadida poytaxtni Bujumburdan Gitega shahriga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bujumbura mamlakat mustaqillikka erishganidan buyon poytaxt bo‘lib kelgan. U birinchi marta 2007-yilda prezident Per Nkurunziza tomonidan taklif qilingan.

Gustav – odamxo‘r timsoh

крокодил гутав

Gustav – Burundida yashaydigan ulkan timsoh. U dunyodagi eng katta timsoh hisoblanib, so‘nggi yillarda Ruzizi daryosi va Tanganika ko‘lining shimoliy sohillarida 200-300 kishini yeb qo‘ygan. “Qotil” hali ham qo‘lga olinmagan. 2000-yillarning o‘rtalarida timsoh o‘ldi, degan mish-mishlar tarqaldi, ammo u 2008-yilda National Geographic Channel ekspeditsiyasi tomonidan topilgan.

Aholi zichligi yuqori

Burundi Respublikasi ozginagina hududni egallaganiga qaramay, uning aholisi zich joylashgan. Agar siz hududni Gavayi shtati bilan taqqoslasangiz, unda bu yerda 8 baravar ko‘p odamlar istiqomat qiladi. Aholining yuqori zichligi qishloq xo‘jaligida katta muammolarni keltirib chiqaradi, chunki hosil olish uchun bo‘sh yerlar juda kam.

Ochlik

Ko‘pgina burundiyaliklar o‘simlik ildizmevalari va kraxmalli donlar bilan oziqlanishadi. U yerda makkajo‘xori asosiy oziq-ovqat hisoblanadi. Aholining 85 foizini tashkil etuvchi xutu xalqi madaniy an’analarga ko‘ra, asosan, o‘simliklardan ovqat sifatida foydalanadi. Ular chorvachilik bilan shug‘ullanmaydilar, shu sababli mamlakatda ochlik va aholining ratsionida protein yetishmasligi mavjud.

бурунди жители

Qoramol – boylikka teng

Burundiyaliklar sigirlarni, nafaqat go‘sht va sut uchun, balki an’anaviy ravishda boylikni anglatgani uchun boqadilar. Iqtisodiy ahvolidan qat’iy nazar, agar kimda sigir bo‘lsa, u boy odam hisoblanadi. Sigir qancha ko‘p bo‘lsa, ijtimoiy maqomi shuncha yuqori bo‘ladi.

Ubumve, Ibikorva, Iterambere

Ubumve, Ibikorva, Iterambere – burundiyaliklarning milliy shiori bo‘lib, “Birlik”, “Ish”, “Taraqqiyot” deganidir. Biroq, mamlakatda na birlik, na taraqqiyot va na yetarli ish o‘rinlari mavjud.