Dzyudochilarimiz Grozniydagi musobaqa shohsupasida

  • 20:46 / 24.09.2019
  • 284

Chechenistonning Grozniy shahrida dzyudo boʻyicha 23 yoshgacha boʻlgan sportchilar oʻrtasida xalqaro turnir boʻlib oʻtdi

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi xabariga ko‘ra, oʻz tarixida toʻqqizinchi marta tashkil etilgan Turpal-Ali Zelimxanovich xotirasiga bagʻishlangan ushbu musobaqada Ukraina, Ozarbayjon, Armaniston, Qozogʻiston, Sloveniya, Rossiyaning 19 ta mintaqasidan kelgan jami 250 nafardan ziyod dzyudochi gʻoliblik yoʻlida bahslarga kirishdi. 

Xalqaro turnirda besh nafar oʻzbekistonlik dzyudochi ham oʻz mahoratlarini namoyish etdi. Grozniy tatamilarida Shahboz Nurmatov (-60 kg), Jaloliddin Boynazarov (-73 kg), Yusufbek Normamatov (-81 kg), Behruz Amandavlatov (-66 kg) va Shohruh Mamarasulov (+100 kg) yurtimiz sharafini himoya qildi. 

Quvonarlisi, Behzod Toʻraboyev shogirdlaridan ikki nafari gʻolib va sovrindorlar safidan joy olishdi. -66 kg vazn toifasidagi bahslarda ishtirok etgan Behruz Amandavlatov barcha raqiblarini magʻlubiyatga uchratib, oltin medalni qoʻlga kiritdi. Shohruh Mamarasulov esa bronza medaliga sazovor boʻldi.