Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks o‘z kuchini yo‘qotishi mumkin

  • 17:46 / 08.10.2019
  • 1168

Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksi loyihasi: asosiy yo‘nalishlar va yangiliklar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oliy sudi, Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi,  boshqa vazirlik va idoralarning mas’ul xodimlari, shuningdek Toshkent davlat yuridik universiteti, Germaniya Xalqaro Hamkorlik Jamiyati (GIZ) va AQSh Xalqaro Rivojlanish Agentligi (USAID) ekspertlari ishtirok etishdi.

Ta’kidlash o‘rinliki, ushbu hujjat loyihasi 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 44-bandi ijrosi doirasida ishlab chiqilgan.

Kodeks loyihasida Davlat dasturida belgilangan quyidagi vazifalar o‘z aksini topgan:

-ishni ko‘rishning protsessual tartibini takomillashtirish;

-protsess ishtirokchilarining huquq va majburiyatlarini maqbullashtirish;

-ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish yuritish tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish (elektron bayonnoma, elektron ma’muriy ish va boshqalar);

-jabrlanuvchi arizasiga asosan yuritiladigan ma’muriy huquqbuzarliklarga oid ishlarni tugatish tartibini joriy qilish;

-ma’muriy jazo choralari tizimini liberallashtirish;

-jarima jazosini ixtiyoriy ijro etishni rag‘batlantirishning differentsial tartibini joriy etish;

-ma’muriy javobgarlikka tortishga vakolatli bo‘lgan organlar va mansabdor shaxslar toifasini maqbullashtirish.

Bundan tashqari, loyihada bir nechta konseptual o‘zgarishlar taklif etilgan bo‘lib, ular quyidagilardan iborat:

-Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeks loyihasida umumhuquqiy va maxsus prinsiplar ro‘yxatini aniqlashtirish va kengaytirish;

-Ma’muriy huquqbuzarliklar yuzasidan yuridik shaxslar javobgarligini joriy qilish; 
 
-Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksni “Ma’muriy   tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonun bilan muvofiqlashtirish;   

 -Ma’muriy javobgarlik va ma’muriy jazodan ozod qilish.

Davra suhbatida Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksni “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonun bilan muvofiqlashtirish, yuridik shaxslarni javobgarligi, jarimalar miqdori masalalarida jiddiy bahs munozaralar bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksi loyihasi mutaxassislar takliflari asosida takomillashtiriladi va umumxalq muhokamasiga qo‘yiladi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu Kodeks loyihasi qabul qilingach, amaldagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi o‘z kuchini yo‘qotadi.