Endi gazeta va jurnallarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda davlat boji undirilmasligi mumkin

  • 18:01 / 06.05.2020
  • 209

Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari o‘z muassisligidagi davriy bosma nashrlarning faoliyatini sifatli tashkil etish va ularni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratadi.

Bu borada Vazirlar Mahkamasining davriy nashrlarni qo‘llab-quvvatlashga doir qarori loyihasi e’lon qilindi.
 
Unga ko‘ra, ommaviy axborot vositalari, shu jumladan davlat hokimiyati va boshqaruv organlari muassisligidagi davriy bosma nashrlar 2020-yil 1-iyuldan boshlab davlat boji undirilmasdan ommaviy axborot vositasi sifatida davlat ro‘yxatidan va qayta ro‘yxatdan o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari o‘z muassisligidagi davriy bosma nashrlar tahririyatlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ulardagi tahririyat xodimlarining mehnatiga haq to‘lashga doir quyidagi muhim vazifalarni amalga oshiradi:

a) o‘z binosiga ega bo‘lmagan davriy bosma nashrlar tahririyatlarini 2020-yil 1-noyabr kunidan boshlab uch yil muddatga, muassis balansidagi binolarga ijara to‘lovisiz yoki davlat ko‘chmas mulki ob’yektlariga ijara to‘lovini ushbu ko‘chmas mulk ob’yektlariga nisbatan eng kam ijara to‘lovi stavkasining 50 foizi miqdoridagi shartnoma asosida joylashtirish;

b) davriy bosma nashrlar tahririyatlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida moliyaviy yil yakunida taqsimlanadigan tahririyat sof foydasining muassisga tegishli qismini tahririyat hisobida qoldirish va ulardan maqsadli foydalanilishini nazorat qilish;

v) Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar axborot va ommaviy kommunikasiyalar boshqarmalaridan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan davriy bosma nashrlar tahririyatlari xodimlarining shtat jadvali bo‘yicha soni va ularning ish haqi miqdorlarini tasdiqlash va ushbu mehnatga haq to‘lash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplashga mahalliy hokimiyat organlarining viloyat, tuman, shahar byudjetidan tashqari jamg‘armalari hisobidan yetarli miqdorda mablag‘ ajratish;

g) o‘z muassisliklaridagi davriy bosma nashrlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular faoliyatini rivojlantirish, shu jumladan, jurnalist-kadrlar zahirasini shakllantirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha 2021–2022-yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish.

“Yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqishda quyidagilar ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilanadi:

2020-yil 1-sentabrga qadar o‘z muassisligidagi davriy bosma nashrlarning elektron variantlarini ishlab chiqish va ishga tushirish;

ehtiyojmand va faol jurnalistlarni moliyaviy ahvolini yaxshilash bilan bog‘liq tadbirlarni amalga oshirish;

tahririyat xodimlarining ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan davlat mukofotlariga tavsiya etish orqali rag‘batlantirib borish;

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, uning hududiy bo‘limlari bilan birgalikda oyda bir kun davlat muassasa va mahallalarda gazetxonlik kunlarini o‘tkazish;

davriy bosma nashrlarda davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlariga taqdim etgan hisobotlarini chop etishni yo‘lga qo‘yish;

xalq deputatlari tuman, shahar, viloyatlar Kengashlari tomonidan tegishincha tuman, shahar, viloyat ijroiya hokimiyati muassisligidagi davriy bosma nashrlar tahririyatlarining har yarim yillik yakunlari bo‘yicha o‘z faoliyati, bosma nashr sifat ko‘rsatkichlarining o‘sish sur’ati, yuzaga kelishi mumkin muammolar hamda istiqbolli rejalar to‘g‘risida hisobotini amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida eshitib borish