Endi karantin qoidalarini buzgan shaxs 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin

  • 17:26 / 26.03.2020
  • 144

Bugun, 26-mart kuni “Jinoyat, Jinoyat-prosyessual kodekslariga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolanganligi haqida xabar bergan edik.

Ushbu Qonunga ko‘ra, sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirildi. 

Xususan, sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish, shu jumladan karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida davlat sanitariya nazorati organlarining:

• tibbiy tekshiruvdan o‘tish va davolanish;

• karantinni o‘tash uchun belgilangan joylarga yetib borish hamda ushbu joyni belgilangan muddat davomida tark etmaslik;

• kasallik yuqishi mumkin bo‘lgan davrda muloqotda bo‘lingan shaxslar va borilgan joylar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilish to‘g‘risidagi hamda boshqa qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaganlik odamlarning ommaviy kasallanishi yoki zaharlanishi real xavfini keltirib chiqarsa yoxud odamlarning ommaviy kasallanishiga yoki zaharlanishiga olib kelsa, buning uchun 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi. Hozirga qadar ushbu muddat 3 yilgacha bo‘lgan.

Agar o‘sha harakatlar odamning o‘limiga sabab bo‘lsa, ozodlikdan mahrum qilish jazosi muddati 5 yildan 7 yilgacha etib, bir qancha  odamlarning o‘limiga sabab bo‘lsa, – 7 yildan 10 yilgacha etib belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, ilgari ushbu muddatlar tegishlicha 3 yildan 5 yilgacha hamda 5 yildan 8 yilgacha bo‘lgan.