Endi tomorqasiga ekin ekmagan yer egasi yer solig‘ini oshirilgan stavkada to‘lashga majbur bo‘ladi

  • 19:49 / 14.04.2020
  • 128

Tomorqasiga ekin ekmagan yer egasiga yer solig‘ini oshirilgan stavkada qo‘llash tartibi joriy qilinadi.

Bu haqda bugun, 14-aprel kuni imzolangan “Dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqalaridan samarali foydalanish, ekin ekish ishlarini tizimli tashkil qilish hamda mahsulot yetishtirish hajmlarini ko‘paytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarorida belgilab qo‘yildi.

Qarorga muvofiq, tomorqasiga ekin ekmagan yer egasiga yer solig‘ini oshirilgan stavkada qo‘llash masalalari nazarda tutiladi.

Ushbu qarorlarda, shuningdek, tuman (shahar) hokimlarining qishloq xo‘jaligi ekin turlarini va yetishtiriladigan mahsulot prognoz ko‘rsatkichlarini mahalla fuqarolar yig‘ini kesimida belgilashni nazarda tutuvchi qarorlari qabul qilinadi.

Tomorqa yer uchastkalariga suv yetkazib berish maqsadida sug‘orish quduqlarini qazish loyihalariga ekologik ekspertiza xulosasi va gidrogeologik xulosalar bepul beriladi.

Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalari meva-sabzavotchilik klasterlari va kooperasiyalariga ixtiyoriy asosda biriktiriladi.

Klaster va kooperatsiyalarga biriktirilgan dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalariga Prezidentning tegishli qarorida nazarda tutilgan imtiyozlar tatbiq etiladi.

Shuningdek, ekin ekmagan tomorqa yer egalarini ma’muriy javobgarlikka tortishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.