Endilikda bakalavr va magistr diplomlariga QR-kod qo‘yiladi

  • 13:10 / 11.01.2020
  • 491

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan bakalavr va magistr diplomlariga individual QR-kod qo‘yish tizimi hamda uning dasturiy ta’minoti ishlab chiqiladi.

Vazirlik matbuot xizmatining xabar berishicha, ushbu tizim OTM tomonidan berilgan diplomlarning haqiqiyligini aniqlashda eng samarali yechim sifatida qaralmoqda.

Diplomlarni QR-kodlashtirish to‘rt bosqichda amalga oshiriladi. 

1-bosqichda loyiha ishlab chiqiladi:

– dunyoda mavjud muqobil platformalarni tadqiq va tahlil qilish;

– tizimning konseptual modelini yaratish;

– ma’lumotlar bazalarini loyihalash va tizimning funksional arxitekturasini yaratish.

2-bosqichda QR -kod tizimi ishlab chiqiladi:

– bakalavr va magistrlik diplomlari uchun individual QR-kodlar yaratish tizimini ishlab chiqish.

3-bosqichda talabalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi:

– respublika bo‘yicha talabalar haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan yagona axborot tizimini ishlab chiqish hamda bakalavr va magistrlik diplomlari uchun individual QR -kodlarni yaratish tizimi bilan integratsiyalash.

4-bosqich. Amaliyotga joriy etish:

– aprobatsiya: dasturiy ta’minotning pilot versiyasi kompleks sinovdan o‘tkaziladi va jamoatchilikka taqdim etiladi.