Energetika sohasida O‘zbekiston-Koreya hamkorligi masalalari muhokama etildi

  • 20:11 / 08.11.2019
  • 77

Joriy yilning 7-noyabr kuni Energetika vazirligida Koreya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchisi Kan Chje Kvon bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqida Vazirlikning internetdagi rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.

Muloqot davomida Koreya kompaniyalari bilan ikki tomonlama hamkorlik, energetika va neft-gaz sohasidagi manfaatli istiqbolli loyihalar, shuningdek, amalga oshirilayotgan yirik loyihalarning joriy holati muhokama etildi. Xususan, “UZ Kor Gas Chemical” QK MChJ doirasida KOGAS va Lotte kompaniyalari bilan hamkorlik haqida so‘z yuritildi.

Koreya Respublikasi elchisiga energetika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, 2019-yil 21-maydagi “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 22-avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  qarori haqida ma’lumotlar berildi.

Uchrashuvda Koreya kompaniyalarining energetika loyihalarida, jumladan, DXSh (davlat-xususiy sheriklik) asosida keng ko‘lamda ishtirok etishi istiqbolli ekanligi ta’kidlandi.