Eng mazali sendvichlarni birgalikda tayyorlaymiz

  • 15:57 / 26.03.2020
  • 232

Sendvichlarni yaxshi ko‘rmaydigan odamning o‘zi bo‘lmasa kerak. Asosan yengil tamaddi, maktab tushligi hamda ishga olib ketish uchun tayyorlanadigan ushbu yegulikning bir necha xil turlari mavjud. Sizga qaysi nachinka mos tushishiga qarab o‘zingizga yoqqanini tanlab olavering. Quyida sendvich tayyorlashning bir necha xil usulini e’tiboringizga havola etamiz.

Pishloq, bekon hamda olmali sendvich

Masalliqlar:
• 1-2 oshqoshiq o‘simlik yog‘i;
• 2 bo‘lak non;
• birnecha bo‘lak qattiq pishloq;
• birnecha bo‘lak qovurilgan bekon;
• dumaloq shakldagi olma bo‘laklari.

Tayyorlanishi:
Tovada yog‘ni qizdirib, ikki bo‘lak nonni qizartirib oling. Bir bo‘lak non ustiga pishloq, bekon hamda olma bo‘laklarini terib chiqing. Keyin ikkinchi non bo‘lagini yopib, sendvich oltinrang tusga kirgunicha qovurib oling.

Baliq va seldereyli sendvich

Masalliqlar:
• 1 bog‘lam selderey;
• petrushka;
• 100 gramm konservalangan baliq;
• 1 oshqoshiq mayonez;
• 2 bo‘lak non;
• 1-2 dona salat bargi.

Tayyorlanishi:
Selderey va petrushkani mayda qilib to‘g‘rang. Unga baliq va mayonezni aralashtiring. Mazkur aralashmani non bo‘lagi ustiga surting. Uning ustiga salat bargini qo‘ying va ikkinchi non bo‘lagi bilan berkiting.

Tuxumli non, bekon va pomidorli sendvich

Mahsulotlar:
• 2 bo‘lak non;
• 1 oshqoshiq sariyog‘;
• 1 dona tuxum;
• ta’bga ko‘ra tuz;
• maydalangan qora murch;
• 1-2 oshqoshiq mayonez;
• 1-2 dona salat bargi;
• pomidor halqalari;
• qovurilgan bekon bo‘laklari.

Tayyorlanishi:
Bir bo‘lak nonning o‘rtasidan bitta tuxum sig‘adigan teshik oching. Yog‘ni qizdirib, 2 bo‘lak nonni o‘rtacha olovda qizartirib oling.
Nonni orqasini o‘girib, ustiga tuxum chaqib yuboring. Tuz va murch sepib, toki tuxum oqi qotgunicha qovuring.
Non bo‘lagiga mayonez surtib, ustiga salat bargi, pomidor hamda bekon bo‘laklarini qo‘ying va tuxumli non bilan berkiting.

Pomidor, pishloq va rayhonli sendvich

Masalliqlar:
• 250 gramm cherri pomidori;
• 2 ta sarimsoq bo‘lagi;
• 1 oshqoshiq zaytun yog‘i;
• tuz;
• maydalangan qora murch;
• 8 ta non bo‘lagi;
• 1 oshqoshiq sariyog‘;
• 150 gramm qattiq pishloq;
• rayhon bargi.

Tayyorlanishi:
Pomidorni ikkiga bo‘lib, maydalangan sarimsoq, zaytun yog‘i, tuz va murch seping. Pomidorlarni gaz pechiga bir qator qilib tering va 190 darajada pishirib oling.
Har bir non bo‘lagi ustiga sariyog‘ surting. Ikkinchi tomoniga esa qirg‘ichdan chiqarilgan pishloq, pishirilgan pomidor va rayhon barglarini joylashtiring. Ustiga ikkinchi non bo‘lagini yoping va sendvichlarni qizib turgan tovada qovurib oling.