Erkaklar uchun: bo‘yinbog‘ tanlash va kiyish san’ati

  • 21:40 / 21.11.2019
  • 906

Biz bilgan hozirgi zamonaviy bo‘yinbog‘lar XIX asrning yarmida paydo bo‘lgan. Ungacha esa galstukni yodga soluvchi bo‘yin sharflari, aksessuarlargina mavjud edi. Bo‘yinbog‘ni to‘g‘ri tanlash va yarashtirib taqish ham erkakdan mahorat talab qiladi. Yozuvchi Onore de Balzak o‘zining “Bo‘yinbog‘ taqish san’ati” nomli kitobida bo‘yinbog‘ taqishning ahamiyatini tasvirlab bergan edi. Quyidagi maqolamiz erkaklar ko‘rkining ajralmas qismi –  bo‘yinbog‘ tanlash san’ati haqida bo‘ladi.  

Bo‘yinbog‘ tanlash mahorati

Rasmiy kostyum-shimlar bilan taqilgan bo‘yinbog‘ bashanglik yoki o‘ziga xoslikni anglatmaydi. Shu sabab, ularni tanlashda faqatgina kostyum-shimga emas, balki uning an’anaviy rang va bezaklariga, sifatiga ham e’tibor berish lozim. Tanlovda galstuk taqish mumkin bo‘lgan mavsumni ham e’tibordan qoldirmaslik kerak.

как выбрать галстук

Mavsumga ham e’tibor bering

Qishki yoki yozgi bo‘yinbog‘lar ishlangan mato va rangi bilan farqlanadi. Qalin va zich bo‘yinbog‘ yupqa kostyum-shimlar bilan mos tushmaydi. Aksincha, yupqasini qishning qahraton sovuqda taqib bo‘lmaydi. Kuzgi-qishki galstuklar biroz to‘qroq, bahor-yozgilari esa yorqin ranglardan iborat bo‘lishi lozim.

Bezaklar ham esdan chiqmasin

• Kichik no‘xatchali bo‘yinbog‘. Matodagi no‘xatchalar qanchalik mayda, yorqin, umumiy fon esa to‘q rangda bo‘lsa, bo‘yinbog‘ shunchalik rasmiy ko‘rinish beradi.

• Geometrik naqshli bo‘yinbog‘. Bir xil rangli matodagi mayda geometrik naqshlar bayram va oddiy kunlar uchun to‘g‘ri kelaveradi. Ularni, hatto, rasmiy uchrashuvlar uchun ham taqish mumkin.

•  Bo‘ylama chiziqli bo‘yinbog‘. Klassik ko‘rinish beruvchi bunday galstuklarni ham istagan yerga, istalgan kiyim bilan taqib ketaverish mumkin. 

• “Turk bodring”chali bo‘yinbog‘lar. Katta-katta “turk bodringchali” naqsh ko‘pincha klub obrazlari uchun mos keladi. Ularni rasmiy uchrashuvlarga yoki kundalik hayotda taqish tavsiya qilinmaydi.

•  Katakchali bo‘yinbog‘. Rasmiy uchrashuvlar uchun bu turdagi galstuk to‘g‘ri kelmaydi. Norasmiylari uchun esa ayni muddao.

• Bo‘yinbog‘ning rangi va naqshi butun bir obrazingizni to‘ldiradi. Shu sabab, rasmiy va jiddiy uchrashuvlar uchun bir xil rangdagi yoki kam bezakli bo‘yinbog‘ taqing.

Как правильно носить зажим для галстука

Bo‘yinbog‘ uchun rang tanlaymiz

Qizil rang

Bu rang energiya va o‘ziga bo‘lgan ishonch ramzidir. Qizil rangli galstuk taqqan erkak suhbatdoshida faqatgina ijobiy fikr qoldiradi. Biroq “qizillikni” me’yorda ishlating. Me’yordan ortiq ko‘p taqilgan, och rangdagi qizil galstuk sizni agressiv va hukmronlikka moyildek qilib ko‘rsatishi mumkin.

To‘q qizil rang

Dabdaba va hukmronlik rangi. To‘q qizil rangli bo‘yinbog‘ hurmat qozonishingiz uchun ham yo‘l ochishi mumkin.

Pushti rang

Butun ko‘rinishingizga “yumshoqlik” va xotirjamlik bag‘ishlashni istasangiz, pushti rang bo‘yinbog‘ taqing. Ammo rasmiy uchrashuvlarga bunday galstukda borishni tavsiya qilmaymiz.

Sabzirang galstuk

Olov yoki sabzirang energiya, hayotni sevuvchi va optimist insonlar uchun mo‘ljallangan. Bunday rangli bo‘yinbog‘ sochi och rangli erkaklar uchun mos tushadi. 

Jigarrang

“Yumshoq” rang bo‘lmish jigarrang insonga nisbatan ishonch chaqiradi. Ammo ba’zida ushbu rang shubhalanishga moyillikdan darak berishi mumkin. Shu sabab, o‘z pozitsiyangizda qolishni istasangiz, boshqa rangli galstuk tanlaganingiz ma’qul.  Masalan, yashil rangni...

психология цвета по галстуку

To‘q yashil

Qat’iylikni anglatuvchi yashil rang tinchlantirish xususiyatiga ega. Bahs-munozarali uchrashuvlar uchun bu rangli galstuk taqish vaziyatni jonlantirishga yordam beradi.

Sariq rang

Bilim, aql va qat’iylik timsoli. “Ochiqlik” va mehribonlik obrazini yaratishni istasangiz, sariq rangli bo‘yinbog‘ taqish tavsiya etiladi.

Binafsharang

Binafsharang sirlilikni anglatadi. To‘q binafsha rang mag‘rurlik va individuallik timsoli. Och binafsharang melanxolik kayfiyatni yaratishi mumkin.

Ko‘k rang

Ko‘k rangli bo‘yinbog‘ tinchlik va xotirjamlikni namoyon qiladi.  Shuningdek, tashkilotchi, o‘ziga ishonganlar ham bu rangli kiyimlarni ko‘p kiyishadi. To‘q ko‘k rangli bo‘yinbog‘ qat’iylikni anglatsa, och ranglisi xayolparast obrazni yaratadi.

Kulrang

Och kulrang zerikish va melanxolik kayfiyatni aks ettiradi. To‘q kulrang rasmiylik obrazini yaratadi. Ammo ba’zida bu rang oddiylik va ikkilanuvchanlikni ham namoyon qilishi mumkin.   

психология цвета по галстуку

Bo‘yinbog‘ taqish tartibi

Galstukning kengligi pidjak yoki kastyum yoqasining kengligiga moslab tanlanadi. Klassik uslubdagi bo‘yinbog‘ning kengligi, taxminan, 10-11 sm.ni tashkil qiladi.

Ensiz bo‘yinbog‘ tanaga “yopishib” turuvchi ko‘ylak yoki yoqasi yupqa kostyumlar uchun mos tushadi. 

Kiyimga moslab tanlab olingan bo‘yinbog‘ shim kamarigacha yoki kamarning 1 sm.ni qismini yopib turishi mumkin. Shuningdek, uni tana hajmiga qarab ham tanlash mumkin. O‘rtacha bo‘yli, oyog‘i tananing ustki qismiga nisbatan qisqa erkaklar galstukni imkon qadar kaltaroq qilib taqishlari lozim. 

Правила ношения галстука

Uzun oyoqli, bo‘yi baland erkaklar uchun bo‘yinbog‘ni kamardan biroz tushirib taqish tavsiya etiladi. Bo‘yinbog‘ning ikkinchi qisqa uchi erkin osilib turishi kerak emas. Uni bo‘yinbog‘ning orqa tomoniga mustahkamlash kerak.

Bo‘yinbog‘ni kiyim bilan uyg‘unlashtirish

•  Och rangli ko‘ylaklarni bir xil och rangli bo‘yinbog‘ bilan uyg‘unlashtirish mumkin.

•  Yozgi yengil kostyumlarga yorqin rangli, gulli, ipak bo‘yinbog‘larni taqish tavsiya qilinadi. 

•  Qalin ipak yoki jun matoli bo‘yinbog‘ qishki kostyumlar uchun to‘g‘ri keladi. 

•  Bir xil rangli galstuk katak, yo‘l-yo‘l ko‘ylaklar bilan juda yaxshi ko‘rinadi. Ammo bunda ko‘ylak hoshiyalari galstuk rangiga mosroq bo‘lishi kerak.

•  Katakchali bo‘yinbog‘ni ham katakchali ko‘ylak bilan uyg‘unlashtirish mumkin. Biroq bunda yo bo‘yinbog‘ yoki ko‘ylak katakchalari ustunlik qilishi kerak.

•  Gulli galstuk bir xil rangdagi ko‘ylaklarga to‘g‘ri keladi.  Och rangli va katta-katta rasmli bo‘yinbog‘ ijodkorlar uchun, shuningdek, bayramlarda mos keladi. 

Как сочетать галстук с рубашкой

Bilib qo‘ygan yaxshi!

18-oktabr Xorvatiyada bo‘yinbog‘lar kuni sifatida nishonlanadi.

Всё о галстуках.  Как выбрать галстук