Eski namunadagi tanga va banknotlar muomaladan chiqariladi

  • 21:14 / 18.09.2019
  • 507

25 soʻmlik va undan kichik nominal qiymatdagi tangalari va banknotlarini muomaladan qaytarib olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqidagi qaror Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Bu haqida Adliya vazirligining rasmiy telegram kanalida xabar berildi.

Mazkur Nizomga koʻra, Markaziy bank tomonidan muomalaga chiqarilgan 1, 3, 5, 10, 20, 50 tiyinlik, 1, 5, 10, 25 soʻmlik qiymatidagi tangalar, shuningdek 1, 3, 5, 10, 25 soʻmlik eski namunadagi banknotlar (qogʻoz pullar) 2020-yil 1-martdan boshlab qonuniy toʻlov vositasi sifatida oʻz kuchini yoʻqotadi.

Ushbu tanga va banknotlar hech qanday monelik, cheklovlarsiz, toʻlov yoki vositachilik haqi undirilmagan holda:

 2020-yil 1-martga qadar Hisob-kitob kassa markazlari, tijorat banklari va ularning filiallari tomonidan;

 2020-yil 1-martdan 2021-yil 1-yanvarga qadar esa faqat Hisob-kitob kassa markazlari tomonidan almashtirib beriladi.

Muomaladan qaytarib olinadigan eski namunadagi tanga va banknotlarning ayirboshlash muddati 2021-yil 1-yanvargacha etib belgilandi.

Bunda hisob-kitoblar mijozlar va aholining talabiga asosan:

 bank plastik kartasi hisobvaraqlariga kirim qilinish orqali (toʻliq qiymatda);

 muomaladagi tanga va banknotlarga ayirboshlab berish orqali;

 mijozlarning tegishli hisobvaraqlariga, fuqarolarning arizasiga asosan omonatga kirim qilish orqali;

kommunal va boshqa bir martalik toʻlovlar uchun qabul qilish orqali amalga oshiriladi.