Farzandingiz maktabga xursand bo‘lib borib kelishi uchun…

  • 22:52 / 09.11.2019
  • 539

Farzandingiz maktabga yaxshi kayfiyatda borib kelishi uchun quyidagi qoidalarga amal qilish kerak.

1-qoida

Yetarlicha uyqu. Aslida, sog‘lom va yetarlicha bo‘lgan uyqu bola tanasi (kattalar uchun ham) uchun juda muhimdir. Bolaning lanjlashishi, maktabga borishni istamayotganligi to‘g‘ridan-to‘g‘ri uyquga bog‘liq bo‘lishi mumkin. 

2-qoida

Farzandingizni sportga jalb qiling. Sport bilan shug‘ullanish insonga tetiklik va yaxshi kayfiyat baxsh etadi. Shuningdek, miya rivojlanadi va yangi ma’lumotlarni yaxshiroq o‘rganishga yordam beradi. Buni har kungi 10 daqiqalik qisqa mashqlar bilan boshlashingiz mumkin. 

3-qoida

Rejalashtirish. Kundalik tutish hali hech kimga zarar keltirmagan. Har kunlik ishlarni daftarga yozib rejalashtirib yurish har taraflama foydali ekanligini farzandingizga tushuntiring. 

4-qoida

Tamaddi qilish. Dars davomida miyaga qo‘shimcha quvvat kerak. Albatta, farzandingiz har tanaffusda maktab oshxonasiga borib kela olmaydi. Shuning uchun uning sumkasiga yong‘oq yoki turli shirinliklar solib qo‘ying.  

5-qoida

Dars stolining tartibli turishiga ahamiyat bering. Dars qilayotganda bola kichik narsalarga ham chalg‘ib ketishi mumkin. Dars stolidagi tartib va ozodalik esa diqqatni jamlashga yordam beradi.

6-qoida

Farzandingizning uy vazifalarini darsga bir kun qolganda emas, balki vazifa berilgan kuni bajarishini nazorat qiling. Bu bolaga olgan bilimlarini o‘z vaqtida mustahkamlab olishiga yordam beradi. 

7-qoida

Uyalmaslik. Agar maktabda o‘tilgan dars tushunarsiz bo‘lsa, o‘qituvchidan ikkinchi marta tushuntirib berishini so‘rashga uyalmasligi kerakligini farzandingizga yaxshilab tushuntiring. Tushunmagan narsasini vaqtida so‘ramaslik keyinchalik katta tushunmovchiliklarga sabab bo‘lishini bola o‘z vaqtida anglab yetishi kerak.  

8-qoida

Dam olish. Miya yaxshi ishlashi uchun dam oldirib turish kerak. Farzandingiz yaxshi hordiq chiqarishi uchun unga qulay sharoit yaratib bering.