Foydali 4 layfxak: Uyni tozalovchi vositalarni o‘z qo‘limiz bilan yasaymiz

  • 19:28 / 14.02.2020
  • 352

Har birimiz toza va saranjom uyda yashashni, uyni tez-tez tozalab turishni istaymiz, albatta. Shu maqsadda qo‘llaniluvchi yuvuvchi vositalarning ham tur va ko‘rinishlari ko‘payib ulgurdi. Ularning bahosi ham shunga yarasha, albatta. Agar bu kabi vositalarni qo‘lda, mustaqil tayyorlashni bilsangiz nur ustiga – pulingiz tejaladi.

1. Uch tomonlama himoya

Bor-yo‘g‘i ikkita mahsulotdan birato‘lasi uchta vosita yasash mumkinligini bilarmidingiz? Buning sizga iste’mol sodasi, istalgan efir moyi va qopqog‘i bor shisha banka kerak bo‘ladi. Iste’mol sodasi bankaga solinib, unga bir necha tomchi efir moyidan qo‘shiladi (2 stakan iste’mol sodasiga 20-30 tomchi efir moyi qo‘shiladi). Qarabsizki, qo‘lingizda rakovina, matras va gilamlarni tozalashga mo‘ljallangan vosita paydo bo‘ldi.

Vosita matras yoki gilam yuzasiga sepiladi va yarim soat kutiladi. So‘ng, changyutgich yordamida tozalab tashlanadi. 

2. Yog‘och polni yuvuvchi vosita

Sirka, suv, limon efir moyi va purkagich topilsa bas. Purkagichning ¼ qismiga sirka solinadi. Ustiga 3-6 tomchi limon, efir moyi va idish to‘lgunga qadar suv quyiladi. Polga sepishdan avval purkagich yaxshilab silkitiladi, so‘ng polga sepib chiqiladi. 

3. Vannani tozalash uchun

Sizga ½ vodorod peroksidi, ½ spirt, 1 oshqoshiq idish yuvish vositasi, 2 stakan suv kerak bo‘ladi, xolos. Ularning barini idishga solib, aralashtirib keyin ishlatish kerak. Ushbu vosita vannadagi karashlarni tozalaydi va ularning uzoq vaqt toza saqlanishini ta’minlaydi. Vannani qo‘l bilan ishqalashning ham endi sizga keragi yo‘q.

4. Yog‘li karashga qarshi

Agar oshxona jihozlaridagi yog‘li karashlarni tozalash kerak bo‘lsa, ushbu vositani qo‘llashingiz mumkin. Buning uchun sizga suyuq sovun va apelsin efir moyi kerak bo‘ladi. Ularni purkagichga solib, qo‘llash oldidan bir chayqatib yuborilsa bas. Aralashma yog‘ dog‘larini yaxshi ketkazgani sabab ularni gaz pechi uchun ham, muzlatgichni tozalash uchun ham qo‘llash mumkin.