Gʻilon – jannatmakon Oʻzbekistonning jannat goʻshasi

  • 14:57 / 16.08.2019
  • 1344

Foto: xabardor.uz

Gʻilonning maftunkor tabiati, pok niyatli kishilari, mohir pichoq ustalari va rassomlari, 300 yillik olma daraxti hamda boshqa ajoyibotlari haqida bilasizmi?  
Hisor togʻlarining choʻqqilari shundoqqina uyining derazasidan koʻrinib turadigan gʻilonliklar qalbi ochiq, mehmondoʻst boʻlishlari bilan birga mehnatkash va mirishkor dehqonlardir. Ular yuksak togʻlar bagʻridagi ekin eksa boʻladigan joy borki, undan unumli foydalanadi. Hatto, tik qiyaliklarda ham ular kartoshka va boshqa ekinlardan moʻl hosil olishning uddasidan chiqishadi.

Rahmonqul Rasulov nafaqat usta dehqon, balki mohir pichoqchi hamdir. Uning yasagan nodir pichoqlari oʻzining sifati va bejirimligi bilan allaqachon nom chiqargan.

Bu jannatmonand qishloqning jamolidan ilhomlangan oʻz ijodkorlari, rassomlari talaygina. Muhammadi Chorshanbiyevning chizgilarida Gʻilonning goʻzalligi va uning nomini sarbaland togʻlari sarhadidan oshirishga intilish va soʻlim qishloqqa boʻlgan cheksiz muhabbatni payqash mumkin. 

Gʻilonning yana bir iste’dodli musavvirlaridan biri Sharif Sultonovdir. 

Gʻilonda shunday muhtaram kishilar borki, qishloqqa kelishingiz bilan odamlar avvalo, shu kishining suhbati va duosini olishingizni maslahat berishadi. Yuz-koʻzidan nur yogʻilib turgan 86 yoshli  Abduhalim eshon bobo bilan suhbatlashsangiz, u kishining naqadar diniy va dunyoviy bilimlar egasi ekanligiga amin boʻlasiz. Shunday nuroniy duogoʻylarimiz bor ekan, yurtimiz tinch, odamlarizning ertangi kunga ishonchlari mustahkamlanaveradi.

  Abduhalim eshonbobo Abdusalomov

Gʻilonda atrof-tevarakdan ziyoratchilarni chorlab turadigan bir nechta qadamjolar bor. Shular jumlasiga qishloqdagi “Turk Tuygʻun ota“ ziyoratgohini kiritish mumkin.

Qadamjo hududida uch asrlik oʻrik daraxti hamon oʻsib turibdi. Bundan tashqari ziyoratgohning sal narisida 300 yillik bir tup olma daraxti ham bor. “Bu tabarruk daraxtning mevasidan ota-bobolarimiz va ajdodlarimiz bahramand bo‘lishgani bizni quvontiradi”, - deydi qishloq ahli. 

Yurtimizda bunday fusunkor go‘shalar, ajoyibu g‘aroyib makonlar bisyor. U yerda yashayotgan yurtdoshlarimizning turmush tarzi ham o‘ziga xos. Bizni kuzatib boring — shunday joylar haqida ko‘proq xabardor bo‘lib borasiz.

A’zam Xo‘jaqulov
Xabardor.uz muxbiri