Germaniyada COVID-19 bilan 2 oylik kurash: Olimlar ilk xulosalarini bildirishyapti

  • 18:45 / 21.05.2020
  • 345

Koronavirus epidemiyasini ushlab qolishning muhim omillaridan biri, avvalo, hukumatning bu borada keskin va aniq chora qo‘llashi, qolaversa, aholining hukumatga sadoqati bo‘ldi.  Berlinning Kurfyurstendamm xiyobonidagi Apple firma do‘koniga kirish uchun navbat – Germaniyadagi koronavirus bilan bog‘liq real hayotning namunasi hisoblanadi. O‘tgan shanba kunduz kuni do‘konga kirish uchun hukumat tarafidan belgilangan masofaga amal qilgan holda tashqarida 30-40 daqiqa turishga to‘g‘ri keldi. Qulaylik uchun masofalar yo‘lakka qizil chiziq tortish orqali belgilab qo‘yilgan edi. Yo‘lakka turishdan oldin kirishdan maqsad nima ekanligini   do‘konning ikki xodimiga tushuntirish  kerak. Shundan keyin uchinchi xodim kelib, elektron moslamani peshonaga yo‘naltirib tana haroratini o‘lchaydi. Harorat me’yorida bo‘lsa, asfaltga chizilgan qizil chiziqqa taklif etadi. 

Do‘konning o‘zida – kirilgan zahoti qo‘riqchilarning qat’iy nazorati ostida qo‘l dezinfeksiyalanadi va agar yo‘q bo‘lsa, albatta, niqob beriladi. Savdo zali bo‘ylab xaridorlar zigzagsimon harakatlanishadi – bu atrofdagilarga 2 metrdan yaqin kelmaslik imkonini beradi. Bularning hech biri marketing emas, balki hukumat tarafdan belgilab berilgan cheklovlarga e’tiborli bo‘lish va aniq bajarish uchundir. Chunki epidemiya tarqalishining oldini oluvchi asosiy omil – odamlarning bir-biriga juda ham yaqin kelmasligini, ya’ni, ijtimoiy masofani saqlashni ta’minlashdir.    

Shifokorlar: COVID-19 – bu yangi va makkor kasallik  
Seshanba, 19-may kuni, Germaniyaning ta’lim va ilmiy tadqiqotlar vazirligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida nemislarning uchta shifoxonasi vakillari ishtirok etdi. Ular bundan yarim yil oldin hech kimning xayoliga ham kelmagan COVID-19 bilan og‘rigan bemorlar bilan ishlashning natijalari haqida ma’lumot berishdi. Drezdendagi Karl Gustav Karus universiteti klinikasining boshqaruv raisi, professor Mixael Albrext (Michael Albrecht)ning ta’kidlashicha, havo- tomchi yo‘li orqali yuquvchi yangi koronavirus ORVI yoki grippga mutlaqo o‘xshamaydi. Yangi virusning eng yomon holati, u nafaqat o‘pkani, balki bemorning boshqa organlarini, shuningdek, markaziy asab tizimini ham og‘ir immunologik reaksiyalarni paydo qilgan holda zararlaydi. Bu borada endi o‘pkada sun’iy havo aylantirish moslamasining yetishmovchiligi jiddiy  muammo paydo qiladi – bu COVID-19 bilan og‘rigan bemorlar terapiyasining faqat bir tomoni. Albrextning so‘zlariga ko‘ra, Drezden universiteti klinikasining intensiv terapiya bo‘limida ayni paytda o‘ziga xos ajabtovur belgilari bo‘lgan 30 nafar bemor mavjud.

O‘z navbatida Gamburg universiteti klinikasi vakilasi, professor Blansh Shvappax-Pignataro (Blanche Schwappach-Pignataro) COVID-19 tufayli hayotdan ko‘z yumgan 140 bemorning buyrak venalarida trombozlar aniqlangan – bu esa koronavirus nafaqat o‘pkani, balki boshqa ichki organlarni ham ishdan chiqarishiga misol bo‘la olishini ma’lum qilgan.
  
Germaniya hukumatining aniq harakati mamlakatda pandemiya rivojlanishini to‘xtata oldi 
Nemis olimlarining 15-may kuni Science jurnalida e’lon qilingan tadqiqotida Germaniyada koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishga hukumatning jamoaviy hayotni chegaralash, ommaviy tadbirlarni bekor qilish va ijtimoiy masofa saqlash borasidagi aniq va tez harakati tufayli erishilganligi matematik modellar bilan isbotlangan. Ijtimoiy masofani saqlashning o‘zi Germaniyada infeksiya tarqalishining oldini olishdagi muhim qadam bo‘ldi.   
Tadqiqot mualliflaridan biri – Viola Prizemann (Viola Priesemann) Gyottingendagi Maks Plank nomidagi institut tadqiqotchilari guruhining rahbari. U DW’ga bergan intervyusida sog‘liqni saqlash bilan iqtisodiy hayot o‘rtasida hech qanday qarama-qarshilik yo‘qligini shunday tushuntiradi: “Ko‘p hollarda noto‘g‘ri talqin qilinayotgan juda ham muhim jihat bor – biznes ham, sog‘liqni saqlash ham infeksiyani yuqtirib olganlar ko‘paygani sari ko‘rayotgan zarari oshib boraveradi. Kasallanganlar qanchalik kamaysa, kompaniyalar uchun karantinda turish xavfi pasayadi va investitsiyalarga tayyorgarlik ko‘tarilaveradi”.

Olimning fikricha, fuqarolarning jamoat joylariga (misol uchun do‘kon va restoranlarga) borishdan uzoq muddatli qo‘rquvi va ishonchsizligi istiqboldagi iqtisodga infeksiyaning tarqalashi va oldini olish uchun qisqa, biroq juda qattiq va qiyin kechgan vaziyatdan ko‘ra kattaroq zarar yetkazishi mumkin.   “Kasallanishning yangi holatlari qanchalik kam bo‘lsa, infeksiya avj olishini to‘xtatish va nazorat qilish shunchalik oson kechadi”, – deya tushuntiradi Prizemann. Aytish joiz, bu olim Germaniyada karantin choralarini yumshatishga hali erta, deb hisoblovchi mutaxassislardan biri.
  
Infeksionist: Fuqarolarning ishonchi va sadoqati – juda muhim omil
Robert Kox va Ilya Mechnikov nomidagi Rossiya- Germaniya tibbiyot Forumi boshqaruvchisi, tibbiyot professori Xelmut Xan (Helmut Hahn) pandemiyaga qarshi kurashda Germaniya erishayotgan muvaffaqiyatlarda aholining hukumatga ishonchi va sadoqati muhim rol o‘ynashini – fuqarolar hukumat talablariga qat’iy rioya qilayotganlari bilan izohlaydi. “Nemislar azaldan hukumat topshiriqlarini bajarishga odatlanib qolishgan va bu an’ana hisoblanadi, – deydi Xan. – Bizning hukumatimiz demokratik yo‘l bilan saylanadi va shuning uchun ham u butun jamiyat manfaatlari yo‘lida harakat qiladi, deb ishonamiz”. 

Professorning so‘zlariga ko‘ra, pandemiyaga qarshi kurashda Germaniya, Avstriya va Chexiya tajribasi namuna vazifasini o‘tashi mumkin – bu uchala mamlakat hukumatining pademiyani mavh etishga qaratilgan ishlari qay darajada samarali ekanligini tushunish uchun o‘lim holatini taqqoslashning o‘zi kifoya qiladi. Xan Buyuk Britaniya, Italiya va Shvesiyani esa negativ misol sifatida keltirgan.   

“Germaniya va Avstriya har bir odamning hayoti uchun himoyaga bel bog‘ladi – buning uchun esa nafaqat katta mablag‘ sarflashga, balki iqtisodiy manfaatlarini xavf ostida qoldirishga ham tayyor bo‘ldi”, – deya qo‘shimcha qildi professor Xan. Biroq u koronavirus tarqalishi bo‘yicha  dunyoda yetakchilik qilayotgan davlatlar haqida gapirishni istamadi va shunday dedi: “Bu masala shaxsiy tanlov hisoblanadi va har bir mamlakatning o‘zi hal qiladi”.