Go‘yo kelajakdan kelgandek tuyuluvchi kashfiyotlar  

  • 20:40 / 18.02.2020
  • 932

Fantastik filmlarda aks etgan g‘aroyibotlarni ko‘rib, hech bo‘lmaganda shu texnologiyalarning bir qismi kundalik hayotimizda bo‘lsaydi, deb orzu qilganmiz. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ayrim kashfiyotlar xuddi kelajakdan tashrif buyurgandek tuyuladi.    

1. Tasvir hajmini o‘zgartirib beruvchi kontakt linzalar 

Ko‘zoynaksiz, binokl yoki boshqa optik qurilmalar yordamisiz, kiprik qoqish bilan  tasvirlarni ham katta qilib ko‘rsatuvchi moslama  haqiqatga aylanib ulgurdi. Kaliforniya universiteti olimlari o‘lchamlarni o‘zgartirib berish xususiyatiga ega kontakt linzalarni kashf etishdi. Tasvirni kattalashtirish va yana asliga qaytarish uchun ikki marta ko‘zni ochib yumsa yetadi.
   
Linza ko‘zning elektrookulografik signallarini tez qabul qiluvchi yumshoq polimer materialdan tayyorlangan. Qarshilik kuchayganda kengayib linzaga yanada qavariqroq shakl beradi va tasvir kattalashadi. Ko‘z ikkinchi marta ochib yumilganida esa dastlabki holatiga qaytadi va tasvir kichrayadi. Hozirda uning prototipi yaratilgan va loyiha ustidagi ishlar davom etmoqda. Ko‘z yordamida texnikani boshqarish mumkin bo‘lgan davr yaqinlashayotganga o‘xshaydi.  

2. Fikr kuchi bilan boshqariladigan ekzoskelet 

Ekzoskeletlar endi fantastika emas. Dunyo olimlari turli sohalarda, maqsadlarda qo‘llaniluvchi moslamalarni mukammallashtirishda, yaratishda davom etishmoqda. Demak, vaqti kelib, ekzoskeletlar keng omma uchun ham ishlab chiqariladigan bo‘ladi.
   
Oddiy apparatlar bilan hech kimni hayratlantirib bo‘lmaydi, lekin fransuz olimlarining fikr kuchi bilan boshqariladigan ekzoskeletlari innovatsiya olamida ajoyib yangilikka aylandi. Foydalanuvchi o‘zining miya sohasiga o‘rnatilgan va harakatni boshqaradigan uzatgichlar orqali unga buyruq beradi. Bu qurilma to‘laligicha shol bo‘lib qolgan 30 yoshli fransuz yigiti Tiboda sinab ko‘rildi. Ikki yillik mashqlardan so‘ng u  1,5 metrgacha yura oldi.
 
Ekzoskeletni o‘nlab davlatlar mukammallashtirmoqda va ishlab chiqarmoqda. Bu millionlar aylanuvchi butun bir boshli sanoat hisoblanadi. Dunyo bozorlarida uning aylanmasi o‘sib bormoqda. 2014-yilda 68 million dollar bo‘lgan, 2018-yilda – 96,7 millionga yetgan.  Tahlilchilar bu ko‘rsatkich 2021-yilda 1,023 mlrd. dollarga yetadi, deb taxmin qilishmoqda.

3. Sog‘liqni monitor qiluvchi ko‘zgu

Ertaklarda “Ko‘zgu, aytchi, dunyoda eng go‘zal kim?”, deb so‘raganida to‘g‘risini aytuvchi ko‘zgu haqida ko‘p o‘qiganmiz. Mana shu ertak ham endi haqiqatga aylanmoqda. Faqat bu ko‘zgudan, hech narsa so‘rash kerak emas. Ko‘zguga o‘rnatilgan uzatgich chehrangizga qarab, olgan bor ma’lumotni kompyuterga uzatadi. Kompyuter esa maxsus dastur orqali yuzning holatini o‘rganadi, tahlil qiladi va natijani ko‘zguda aks ettiradi. Shu yaxshi emasmi? Profilaktik tekshiruvlarga vaqt ham sarflamaysiz. Ortiqcha tashvishlardan ham qutulasiz. Aytmoqchimizki, Massachuset texnologiya instituti olimlari sog‘liqni monitoring qiluvchi intellektual ko‘zgu yaratishdi. Medical Mirror aniq vaqt ichida yurak urish tezligini kuzatib, aks ettiradi. 

4. Davolovchi nanorobotlar 

Ilmiy-fantastik filmlarda kasal odamni birpasda oyoqqa turg‘izib qo‘yuvchi yoki butunlay yo‘qotib yuboruvchi mitti robotlar ham aks ettirilgan. Olimlar tibbiyotda ham ana shunday mitti robotlar yaratish borasida bosh qotirmoqda. Bu mitti robotchalar tana ichidagi zarur organga dorini yetkazib berishga moslashtirilmoqda.  Amerikalik va xitoylik olimlar esa saraton hujayralarini izlab topib, yo‘q qiluvchi nanorobotlar yaratishdi. Hozirda ularni amalda qo‘llash masalalari tibbiyotchilar va farmatsevtlar bilan muhokama qilinmoqda. Nanorobotlardan nafaqat tibbiyotda, balki istalgan sohada foydalanish mumkin. Olimlar, mana shu o‘n yillikda uni keng miqyosda qo‘llash boshlanadi, deb hisoblashmoqda.

5. Uchar taksilar 

Yo‘llarda “probka”ga tushib qolgan har qanday haydovchi, yo‘lovchi ham, ayniqsa, shoshilayotgan bo‘lsa, fantastik filmlardagi uchar mashinalarni orzu qilib qoladi. Ular uchun xushxabar. Havoda harakatlanuvchi taksilar yaqinda haqiqatga aylanadi. Las-Vegasdagi CES 2019 ko‘rgazmasida Bell kompaniyasi Nexus loyihasi – vertikaliga uchuvchi va qo‘nuvchi mashinani namoyish etdi. Aerotaksi vertolyotlardan farqli o‘laroq, quvvat manbai gibrid tizimdan iboratligi sababli shovqinsiz uchadi va 5 kishini tashiydi. Kompaniya bu yil tajribalar o‘tkazishni va 2023-yildan boshlab ishlab chiqarishni mo‘ljallamoqda. Agar hammasi yaxshi o‘tsa, “probka”lar haqida butunlay unutish mumkin.   

6. Bio-muzlatgich

Muzlatgichni nimasini o‘zgartirsangiz ham, mohiyati o‘zgarmaydi. Bu borada rossiyalik dizayner Yuriy Dmitriyevning qarashlari juda ajoyib. Electrolux Design Lab o‘tkazadigan tanlovda u namoyish qilgan muzlatgich g‘ayrioddiyligi bilan e’tiborni tortadi. Bu uncha keng bo‘lmagan baland shkaf. Eshigi yo‘q. Javonlari ham yo‘q. Ichi biogel bilan to‘ldirilgan. Mahsulotlar bevosita ana shu gelga taxlanadi. Istalgan joyga tiqishtirish mumkin.  Gʻoyaga ko‘ra gel qo‘lga ham, mahsulotga ham yopishmaydi. Idish va bankalarni ushlab turadi. Elektr quvvatisiz ishlaydigan ultranozik muzlatgichlar zo‘r eshitiladi. Biroq konsepsiyasi hozircha uncha ishonchli emas.
  
7. Jetpak 

Jetpak – reaktiv moslama, fantastik filmlarning yana bir o‘ziga xos xususiyati. Kashfiyotchilar bu texnologiya borasida o‘n yillab bosh qotirishgan. Va nihoyat ularning orzulari amalga oshadiganga o‘xshayapti. Jetpaklar yanada mukammalashib, tezligi ham, uchish vaqti ham oshib bormoqda. CES 2018 ko‘rgazmasida amerikaning JetPack Aviation kompaniyasi bu qurilmaning yangi versiyasini namoyish etdi. Model soatiga 320 kilometr tezlikka chiqa oladi. To‘ldirilgan bir bak yoqilg‘i bilan 12 daqiqa uchishi mumkin.
   
Havoda oddiy jetpakka qaraganda ko‘proq, ya’ni 30 daqiqagacha tura oladigan moslamani Yangi Zelandiyaning Martin Jetpack kompaniyasi yaratdi. Tashqi ko‘rinishidan uni reaktiv moslama, deb aytib bo‘lmaydi. Ammo, uchish paytida o‘sha hisni paydo qila oladi. Apparatning bahosi ham osmonda. Taxminan 150-250 ming dollar atrofida aylanadi. 

Dubayning fuqaro muhofazasi xizmati ana shunday jetpaklardan 20 tasini xarid qildi. Ko‘pqavatli binolarda yong‘in chiqqanda, yuqori qavatlarga va tomga chiqishning imkoni bo‘lmaganda ulardan foydalanish nazarda tutilgan.