Google internetdagi harakatlaringizni yashirishga yordam beruvchi 3 ta funksiya yaratdi

  • 20:04 / 03.10.2019
  • 669

Google foydalanuvchilarga Google Xarita, YouTube va Google Assistentdagi shaxsiy ma’lumotlarini boshqarishda qo‘shimcha nazorat imkonini beruvchi uchta yangi vositani ishga tushirdi

Google Maps’da inkognito rejimi paydo bo‘ldi – u yoqilganida servisdan foydalanilgani haqidagi ma’lumotlar saqlanmaydi. Bu funksiyani akkaunt fotografiyasiga bosib faollashtirish kerak. Yaqin haftalarda undan faqat Android’da foydalanish mumkin, keyinchalik iOS’da ham paydo bo‘ladi. 

YouTube’da esa qidiruvlar tarixini avtomatik tarzda o‘chirish funksiyasi kiritildi. Bu axborotni saqlashning 3 oylik, 18 oylik va doimiy (bunda foydalanuvchining o‘zi qidiruvlar tarixini o‘chirmagunicha saqlanadi) muddatlari bor. 

Google Assistant foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlari himoyasi uchun kompaniya qo‘llaydigan choralar haqida gapirib berishni o‘rgandi. Buning uchun: “Okey, Google, mening ma’lumotlarimni qanday saqlaysan?”, deb so‘rash kerak xolos. 

Bundan tashqari, konfidensiallik sozlamalarini ovozli buyruqlar yoramida boshqarish imkoniyati ham paydo bo‘ldi. Suhbatlarni o‘chirish uchun: “Okey, Google, oxirgi so‘rovimni o‘chir” yoki “O‘tgan hafta senga nima degan bo‘lsam, hammasini o‘chir”, desangiz kifoya. 

Agar bir haftadan avvalroq berilgan so‘rovlarni o‘chirish lozim bo‘lsa, Google Assistant sizni akkaunt sozlamalaridagi kerakli sahifaga yo‘llaydi. 

Google foydalanuvchilar himoyasi uchun yana bir funksiyani tayyorladi: endi uning parollarni avtomatik saqlaydigan dispetcherida ularni tekshirish funksiyasi paydo bo‘ldi. Bu funksiya parol xavfsizmi, avval qo‘llanilganmi-yo‘qmi hamda uchinchi shaxslarga ma’lum bo‘lgan-bo‘lmaganini ko‘rsatib beradi.