Habib – bolalik, sport, mashhurlik…

  • 23:22 / 08.09.2019
  • 663

Tarjimai hol:
Habib Nurmagomedov Abdulmanapovich
Karyera:  Sportchi, aralash jang turi boʻyicha amaldagi chempion
Tugʻilgan yili:   1988-yil 20-sentyabr
Yoshi:  30 
Tugʻilgan joyi: Sildi, Dogʻiston, Rossiya Federatsiyasi
 
UFC’ning amaldagi jahon chempioni.
Shuningdek, u Rossiya, ikki karra jahon va Yevropa chempioni. Ayni paytda u aralash jang sanʼati boʻyicha UFC chempionligini qoʻlga kiritgan birinchi rossiyalik hamdir. 

Bolaligi

Habib Nurmagomedov 1988-yil 20-sentyabrda Dogʻistonnning Sildi qishlogʻida tugʻilgan. Millati avar boʻlib, qarindoshlaridan koʻpchiligi, jumladan, otasi ham, sport bilan shugʻullanadigan kurashchilar boʻlgan. Habibning otasi Abdulmanap Nurmagomedov 90-yillarda Ukraina chempionligini qoʻlga kiritgan boʻlsa, bobosi Nurmagomed Nurmagomedov oʻz vaqtida sambo boʻyicha jahon chempioni boʻlgan.

Sport

Habib 5 yoshidan boshlab sport bilan shugʻullana boshladi. U kichik akasi Abubakr bilan doimo yonma-yon shugʻullanar, oʻsha davrlarda qishloq yigitlarining aksariyat qismi erkin kurash bilan shugʻullangani sababli u ham musobaqalar oʻtkaziladigan joylarga tez-tez borib turardi.
U 12 yoshga toʻlganida otasi oʻsmirlarga murabbiylik qilish uchun Maxachqalaga ketishiga toʻgʻri keldi va shu tariqa Habiblar oilasi Maxachqalaga kelib qolishdi. Bu davrga kelib Habib ustozi Magomedov Saidahmed bilan erkin kurash boʻyicha mashgʻulotlar olib bora boshladi. Oʻsha paytlarda boʻlgʻusi champion Fedor Yemelyanenkoga muhlislik qilardi.  

Bir safar aralash jang turini videokassetadan tomosha qilgan Habib undagi texnik uslublarni erkin kurashda ham qoʻllashga harakat qilib koʻrdi. Oʻgʻlidagi bu oʻzgarishni sezgan otasi uning erkin kurash bilan shugʻullanishini toʻxtatib, doʻsti, sport ustasi Jaʼfar Jaʼfarovning qoʻliga – dzyudodan taʼlim olishi uchun beradi.  
Maxachqalaga qaytgach, u sambo kurash turi boʻyicha taʼlimini davom ettiradi. Jangovar karyerasining ilk yillarida turli sport turlari shugʻullangan Habib hozir ham jang vaqtidagi zarbalarini mukammal deb hisoblamaydi.

Karyera

U 20 yoshida birinchi marta ringga chiqdi. Dastlabki uch yillik “yurishi”da 15 ta sovrinni qoʻlga kiritdi va qisqa vaqt ichida Rossiya, Yevropa va Jahon chempioni boʻldi. U yengil vaznda ProFC, TFC va M-1 kabi sport tashkilotlari bilan hamkorlikda musobaqalarda ishtirok etardi.

Keyinchalik AQShdning UFC tashkiloti (aralash jang turi boʻyicha) yosh avarni oʻz safiga taklif qiladi. Bu taklif Habib Nurmagomedovning jahon sportidagi darajasini belgilab berdi. Endi u Las-Vegas va Los-Anjelesdagi professional sportchilar bilan birgalikda turli musobaqa va turnirlarda oʻz muxlislarini topa boshladi.

Habibning UFC musobaqalaridagi debyuti 23 yoshida ro‘y berdi va u UFC tarixidagi eng yosh jangchiga aylandi. “Burgut” laqabini olgan Habib ilk raqibi, eronlik Kamal Shaloruz ustidan boʻgʻish usulini qoʻllab gʻalaba qozondi. Shu bilan uning muvaffaqiyatli yurishi boshlandi. 
Keyinchalik bir qator kuchli jangchilar – braziliyalik Gleyson Tibau, Tiago Tavares va amerikalik Pet Xililar ustidan gʻalaba qozonadi. U kundan kunga UFCdagi oʻz oʻrnini muntazam mustahkamlab borardi. 

Mashhurlik

Dastin Porye bilan kechgan jangidan soʻng esa Nurmagomedov vazn toifasidan qatʼiy nazar (p4p) eng yaxshi jangchilar reytingida ikkinchi oʻrinda bormoqda. Yengil vazn toifasidagi jangchi Jon Jons reytingni boshqarib turibdi.
–  Qancha odam gʻalaba qozonmasin, ular doimo bir narsani – keyingi raqiblari va ular ustidan qozonajak gʻalabalari haqida oʻylaydi. Meni kelgusi haftada p4p reytingining birinchi qatoriga qoʻying, men bunga loyiqman, – deydi u bugun, 8-avgust kuni Porye ustidan qozongan gʻalabasidan soʻng. 

Shu tariqa Habib rossiyalik jangchilar orasida ketma-ket gʻalabalar boʻyicha bir vaqtlar o‘zi havas qilgan Fedor Yemelyanenkoni ortda qoldirdi. Uning hozirgi koʻrsatkichi: 28 gʻalaba va birorta ham magʻlubiyatga uchramagan.

Shaxsiy hayoti

Habib Nurmagomedovning shaxsiy hayoti haqida juda kam narsa maʼlum. Musulmon sifatida oʻz oilasi va ayoli haqidagi maʼlumotlarni ochiqlashni xush ko‘rmaydi.

Hozirda Nurmagomedovlar oilasida bir og‘il va bir qiz tarbiyalanmoqda (2017-yilda o‘g‘il farzandli bo‘lgan). Habib odatda musobaqalarga rafiqasi bilan bormaydi. U buni oilaviy xavfsizlik va sport tavsiyalariga binoan bajaradi. Yaʼni, musobaqa paytida sportchi oldida chalgʻitadigan narsalar boʻlishi kerak emas, shunda jangchining boʻlajak musobaqaga imkon qadar yaxshiroq tayyorgarlik koʻrishiga imkon boʻladi deb hisoblaydi.

Habib Nurmagomedov oʻz eʼtiqodiga sodiq sportchi sifatida ham muhlislari hurmatini qozongan. U oʻz dinining urf-odatlariga, sog‘lom turmush tarziga amal qiladi: spirtli ichimlik ichmaydi, chekmaydi. Sportchining soʻzlariga koʻra, uning imoni hayotni boricha qabul qilishga yordam beradi. U muvaffaqiyatga ham magʻlubiyatga ham birdek tayyor. Bunday kayfiyat yosh dogʻistonlikka raqiblarini muntazam ravishda magʻlub etishga yordam berib keladi.

O‘zlik…

– Har kim yutqazishi mumkin, hech kim bundan holi emas. Qodir Alloh biror mavjudotni abadiy bir holatda qoldirmaydi. Tugʻilasiz, oʻz davringizda kuchli boʻlasiz soʻng esa qarib vafot qilasiz... Barcha narsa doimo oʻzgarishlarga uchrab turadi. Men ham oktogonda umrbod qolaman deb oʻylamayman. Men hozircha UFC’ning biror marta magʻlubiyatga uchramagan chempioniman. Ammo biz olti yildan soʻng yoki bir yildan keyin nima boʻlishini bilmaymiz. Men oʻz jamoam bilan oldindagi yillarni emas, balki bugungi tarixni yaratganimdan juda xursandman. Men hayotim davomida sport bilan shugʻullandim. Qishlogʻimizda bir zal boʻlardi. Otam u yerda bolalarni tarbiyalagan. Men shu muhitda voyaga yetdim. Yaqinda 31 yoshga toʻlaman. Ammo ertaga nima boʻladi, indinga-chi? – buni biz bilmaymiz. Shuning uchun men ular haqida oʻylamayman, – deydi u jangdan soʻng boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida.

–  Bilasizmi, yigitlar, Dastin Porye dunyoning eng yaxshi jangchilaridan biri. Birgina mamlakatning emas – butun dunyoning! U chindan ham jasoratli raqib. Bugungi jang juda ajoyib oʻtdi.

Janglari

2014-yil “Burgut” uchun ogʻir yil boʻldi. MMAning eng kuchlilaridan biri Rafael Dus Anjusga qarshi kechgan jang sportchi uchun ancha qiyin kechdi. Ammo shunga qaramay, 3-raundga kelib hakamlarning bir ovozdan maʼqullashlari bilan Nurmagomedov gʻalaba qozondi.
Toni Fergyuson bilan boʻlishi kerak boʻlgan jang oldidan esa Habib mashgʻulotlarda tizzasidan jarohat oladi va bir yilgacha musobaqalarda qatnasha olmaydi.
2015-yilda olgan yana bir jarohati tufayli esa belgilanmagan muddatga oktogonni tark etishga majbur boʻladi. Bu safar uning qovurgʻasi shikastlangan edi. 
Ikki yillik tanaffusdan soʻng, sportchi Darrel Xorcherni ringda nokautga uchratdi. Bora-bora dogʻistonlik jangchi uchun raqibini nokautga uchratish odatiy hol boʻlib qoldi. 2016-yilda oʻz davrida kuchli oltilikdan biri boʻlgan Maykl Jonson bilan ringda to‘qnash keldi.

Musobaqada Habib raqibiga nisbatan ogʻriqli texnikani qoʻlladi va unga, hatto taslim boʻlganini bildirish uchun ham imkon bermay ushlab turdi. Yakunda hakamlar bir ovozdan Nurmagomedovni gʻolib sifatida koʻrsatdilar.  
Bu gʻalabasidan keyin Habib oʻsha paytdagi UFC yetakchisi Konor Makgregor bilan dahanaki jang ham qilib oldi. Dogʻistonlik sportchi irlandiyalik jangchi bilan uchrashishi uchun Toni Fergyuson bilan jang oʻtkazishi kerak edi. Ammo har safar bir sabab bilan ikkalasi oʻrtasidagi jang qoldirib kelinayotgandi.

2017-yilda Habib birgina jangda qatnashdi, xolos. Unda ham braziliyalik raqibi Edson Barbosani mag‘lubiyatga uchrata oldi.
2018-yilning oktyabrida, nihoyat ikki raqib – Habib va Makgregor Las-Vegasda uchrashdilar. Jang dogʻistonlik sportchining foydasiga hal boʻlgan, ammo Nurmagomedov va uning jamoasi ommaviy mushtlashuvga kirishib ketadi. Uzoq surishtiruv va bahslardan soʻng Habib bir necha oyga diskvalifikatsiya qilinib, 500 ming dollar miqdorida jarimaga tortiladi. Rossiya telekanallaridan biridagi ko‘rsatuvda unga nega Makgregorni mag‘lub etgach, birdan oktagondan oshib tushgani haqida savol berishganida “mening yurtimda burgutlar millat ramzi sanaladi, burgutlar esa hech qachon qafasda o‘tirmaydilar” deya javob qaytaradi.

Kuni kecha esa sportchi oʻzining muxlislariga amerikalik raqibi Dastin Porye bilan oʻtgan Abu Dabi (BAA)dagi to‘qnashuvda ishonchli g‘alaba bilan chempionlik kamarini o‘zida saqlab qoldi.

Navbatdagi raqib haqida

UFC rahbari Dana Uaytning aytishicha, amerikalik Toni Fergyuson Habibning keyingi raqibi boʻlishi kerak. Nurmagomedovdan navbatdagi raqibi haqida soʻralganida u hazil aralash:
– Mening keyingi raqibim steyk (qovurilgan mol goʻshti), ikki qavat pishloqli burger, – deya javob qildi.

Картинки по запросу Habib Nurmagomedov toni ferguson

Habib Nurmagomedov hozir

Картинки по запросу Habib Nurmagomedov

Endi u UFC’ning eng yaxshi jangchilari reytingida vazn toifasidan qatʼi nazar 2-pogʻonada. Uning hisobida mag‘lubiyatlarsiz 28 ta gʻalaba bor. Ayni paytda Habib Nurmagomedov UFC aralash jang sanʼati chempionligini qoʻlga kiritgan birinchi rossiyalik boʻlib turibdi.

Elbek Boymuradov tayyorladi

Teglar