Habib Nurmagomedov O‘zbekistonda o‘z akademiyasini ochmoqchi

  • 18:14 / 07.10.2019
  • 400

Mutlaq janglar (UFC)ning yengil vazn toifasidagi chempion Habib Nurmagomedov O‘zbekistonda jang san’ati bo‘yicha o‘quv akademiyasini ochishni rejalashtirmoqda. U bu haqda Synergy Global Forum’da aytib o‘tgan.

– “Biz qoidasiz jang san’atini rivojlantiramiz va o‘z akademiyamizni ochamiz. Bu borada O‘zbekistonda ko‘plab do‘stlarimiz hamda muxlislarimiz bor. Dunyo bo‘ylab qayerga bormayin, o‘zbeklar hamisha menga omad tilaydi”, – dedi u.

Sportchi 2020 – 2021-yillarda O‘zbekiston tarixida birinchi UFC musobaqasini o‘tkazish rejalashtirilganligini qo‘shimcha qildi.

Ma’lumot uchun, bu yil Synergy Global Forumi Sankt-Peterburgdagi “Gazprom Arena”da bo‘lib o‘tdi. 4 – 5-oktabr kunlari o‘tkazilgan ushbu tadbirga Rossiyaning turli burchaklaridan, yaqin va uzoq xorij mamlakatlaridan 50 mingga yaqin ishtirokchi tashrif buyurdi. Forum bir vaqtning o‘zida 5 ta sahnadan iborat bo‘lib, unda 200dan ortiq ma’ruzachi o‘zlarining muvaffaqiyatlari, shuningdek, hayotda va biznesda katta maqsadlarga erishish bo‘yicha maslahatlarini berishdi.