Hayotingizni isrof qilayotganingizni anglatuvchi belgilar

  • 20:23 / 17.09.2019
  • 1270

1. Umuman foydasiz narsalarga juda ko‘p vaqtingizni sarflaysiz

Kompyuterda o‘yin o‘ynash, ijtimoiy tarmoqlardagi foydasiz videolarni tomosha qilish, haddan ortiq ko‘p vaqt ovqatlanish, shunchaki hech narsa qilmaslik va hokazo.

Hayotingizga jiddiy qarang. Vaqtning ko‘p qismini nimaga sarflaysiz? Siz hozir vaqt sarflayotgan ishingiz biron bir foyda keltiradimi? Kelajakda hayotingizni yaxshilashga hissa qo‘shadimi? Agar yo‘q bo‘lsa, bu foydasiz ishni kundalik rejangizdan chiqarib tashlang.

2. Har doim noliysiz

Hayoti doimo qiyin bo‘lib tuyuladigan odamlar bor va ular bu haqda to‘xtamay gapirishadi. O‘ylab ko‘ring, siz ham shunday odamlarning biriga aylanib qolmadingizmi? Agar siz doimiy ravishda ish, ishdagi rahbar, maoshingiz, qo‘shnilar yoki sheriklaringiz haqida shikoyat qilsangiz, shunchaki salbiy kayfiyatni tarqatgan bo‘lasiz. Bu bilan hech narsa o‘zgarmaydi. Siz faqatgina bu negativ kayfiyat bilan o‘z intilishlaringizga xalaqit berasiz, xolos.

Ushbu odatdan xalos bo‘lishga harakat qiling va hayotingizda nimani yoqtirishingiz haqida ko‘proq gapiring.

3. Ongingizni oziqlantirmaysiz

Agar siz o‘zingizda hech narsani rivojlantirmasangiz va nimanidir o‘rganmasangiz miyangiz qotib qoladi. Bu esa hayotga qiziqishni so‘ndirishi mumkin. Inson beshikdan qabrgacha ilm izlashi kerak.

4. Ichingiz salbiy fikrlarga to‘la

Ichki dialog inson hayotiga katta ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Genri Ford aytganidek: “Agar muvaffaqiyatga erishaman yoki hech narsa qo‘limdan kelmaydi desangiz, ikkisida ham siz haqsiz”.

Agar siz doimiy ravishda o‘zingizni yuqori lavozimga ko‘tarilish yoki shaxsiy biznesingizni ochish uchun aqlli emasligingizni aytsangiz, biror narsani o‘zgartirishga urinib charchaganingizni takrorlasangiz kelajakda hammasi siz o‘ylagandek bo‘ladi.

5. Ilhomlanmaysiz

Sevimli mashg‘ulotingiz yoki biror narsaga ishtiyoqingiz bormi? Ko‘pchilik men hech narsaga qiziqmayman, deb o‘ylashadi, lekin bunday emas. Siz o‘zingizga yoqadigan, sizga zavq beradigan mashg‘ulotni toping va unga ko‘proq vaqt ajrating.

6. O‘z kelajagingizni rejalashtirmaysiz

Ha, real vaqtda yashash, unda bo‘lish juda muhim. Lekin ba’zida kelajakdan nimani xohlash haqida ham o‘ylash kerak. Agar maqsadingiz bo‘lmasa, hayotni qirg‘oqqa yetib olish umidida ummon bag‘rida suzib yurgan qayiq singari suzib o‘tasiz. Bu yaxshi strategiya emas. Bosqichma-bosqich harakatlar rejasini tuzing.

7. Sizni orqaga tortadigan odamlar bilan juda ko‘p vaqt o‘tkazasiz

Ularni bekorga energiya kushandalari deb atashmaydi. Ular boshqalardan energiya olishadi va buning evaziga hech narsa berishmaydi. Bunday odamlar bilan olg‘a siljimaysiz, rivojlanmaysiz. Bundaylar bilan hech bo‘lmaganda aloqani to‘xtatishga yoki kamaytirishga harakat qiling. Aksincha, o‘zini rivojlantirishga va boshqalarni qo‘llab-quvvatlashga harakat qiladiganlarga ko‘proq sarflang.

8. Telefonga bog‘lanib qolgansiz

Albatta, telefon foydali qurilma, lekin biz uni juda tez-tez qo‘limizga olamiz. Ilovadan ilovaga o‘tib yoki ijtimoiy tarmoqlarga g‘arq bo‘lish bilan qancha vaqt yo‘qotamiz. Bu boshqalar bilan bo‘lgan munosabatlaringizga qanday ta’sir qilishini ham o‘ylab ko‘ring. Agar oilaviy kechki ovqat yoki do‘stona uchrashuvlarda siz o‘zingizni telefondan tiymas ekansiz, sizga g‘animat yaqinlaringiz bilan ongli ravishda bo‘lish imkoniyatini qo‘ldan boy berasiz.

9. Pulni keraksiz narsalarga sarflaysiz

"Ehtiyoj" va "xohish" o‘rtasida katta farq bor, ammo hozirgi iste’molchilar jamiyatida bu chegara juda xiralashgan. Ba’zilar buni qanday ajratishni butunlay unutishdi. Masalan, ba’zilarda mashina yoki uy sotib olishga puli yetmaydi, shu sabab ham eng so‘nggi modeldagi smartfonlarni sotib oladi.

Agar o‘ylab ko‘rilsa, odamga yaxshi yashashi uchun juda ko‘p narsa kerak emas – birinchi navbatda ovqat, yashash uchun joy va yaqinlarimizning muhabbati.

Shunday qilib, qilayotgan sarf-xarajatlaringizga nazar soling va o‘zgarishim mumkin deb o‘ylang. Shubhasiz, siz rad qilishingiz mumkin bo‘lgan xaridlar mavjud va tejalgan pullar kelajagingizni yaxshilash uchun ishlatilishi kerak.

10. Yetarlicha uxlamaysiz

Uyqu sog‘liqning kaliti ekanligini aytish uchun doktor bo‘lish shart emas. Agar siz doimiy ravishda kech va kam uxlasangiz, sog‘lig‘ingizga jiddiy zarar yetkazasiz. Uyquga ko‘proq vaqt ajratish uchun odatlaringizni qayta ko‘rib chiqing.

11. Sog‘lig‘ingiz haqida qayg‘urmaysiz

Albatta, siz bu haqda yuz marta eshitgansiz, ammo to‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy faoliyat haqiqatan ham juda muhim. Shuning uchun muntazam sog‘lom ovqatlanishga harakat qiling va ko‘proq jismoniy harakatda bo‘ling. Bu sizning vazningiz, ruhiy holatingiz va umuman farovon turmushingizga ta’sir qiladi.

12. Qulay sharoitingizdan voz kecholmaysiz

Albatta komfortda bo‘lish oson va qulay. Agar noqulaylikdan qo‘rqsangiz, o‘z hayotingizni yaxshilashga harakat qilmasangiz buning oqibati yaxshi bo‘lmasligi mumkin. Ba’zi rejalarni amalga oshirish uchun siz o‘zingizning komfort hududingizdan chiqib ketishingiz kerak bo‘ladi.

13. Siz hayotdan zavqlanmaysiz

Hayotdagi muvaffaqiyatni baxt darajasi bilan o‘lchash kerak. To‘liq hayot kechirishga va zavqlanishga harakat qiling. Agar baxtsiz bo‘lsangiz, biror narsani o‘zgartiring!

Avvalo, men hech narsani o‘zgartira olmayman degan fikrdan xalos bo‘ling.

Aynan shunday mulohazalar aksariyat hollarda olg‘a harakatlanishga xalaqit beradi. Shunday qilib, fikringizni o‘zgartiring va hayotingiz ham o‘zgaradi.

Ixtiyor RAHMAN tayyorladi