Hozirgi mashinalar “konserva bankasiga o‘xshaydi”mi? IIBB tushuntirish berdi (foto)

  • 18:35 / 08.10.2019
  • 661

“Har safar haydovchi uchun og‘ir yakun topgan yo‘l-transporti hodisasi ro‘y berganligi haqida xabar e’lon qilganimizda: “Bularning hammasiga zamonaviy avtomobillar aybdor! Mustahkamroq bo‘lganlarida edi, inson tirik qolardi!”, “To‘g‘ri, bizning mashinalarimiz konserva bankalariga o‘xshaydi, aynan ular sabab YTHda qurbonlar bo‘lyapti!”, “Ilgari mashinalar tankdek bo‘lgan! Hozirgidek emas” kabi gap-so‘zlar paydo bo‘la boshlaydi”, deydi Toshkent shahar IIBB.

YTHlarda uchrayotgan og‘ir oqibatlar haqidagi noto‘g‘ri qarashlarga munosabat bildirib, Toshkent shahar IIBB haydovchilarni hushyprlikka chaqiradi.

“Hurmatli haydovchilar! Bilingki, hatto KAMAZlar ham g‘ijimlanib ketadi. Qog‘oz kabi g‘ijimlanib, yirtiladi. Tezlikni oshirganda qaysidir avtomobilda xavfsizlikda bo‘laman deb o‘ylamang. Aynan tezlikni oshirish va boshqa shu kabi xatolar yo‘llarda og‘ir oqibatlarga sabab bo‘ladi, bunda avtomobil emas, uni boshqargan odam aybdor.

Yo‘l-transport hodisalari ro‘y berganda kuzovning yo‘g‘onligining xavfsizlikka dahli bormi? Yo‘q, ko‘plab avtohavaskorlarning bu boradagi yanglishmovchiliklariga qaramasdan, buning ahamiyati yo‘q. Bugungi kunda kuzov panellari yengilroq, ammo yuqori mustahkamlikka ega bo‘lgan materiallarda tayyorlanadi. Ammo xavfsizlik borasida birinchi o‘rinda bugungi kunda yuqori mustahkamlikka ega bo‘lgan po‘lat qo‘llanilgan tarzda ishlab chiqariladigan kuzovning kuch tuzilmasi ahamiyatlidir. Natijada avtomobil og‘irligi pasayadi, kuzovning qattiqligi esa oshadi. Haydovchini himoya qilib, o‘ziga asosiy zarbani qabul qiluvchi qism ham aynan kuzovdir.

Ammo, gap shundaki, avtomobillarning “krash-test”lari ko‘pincha 50 dan (maksimum) 80 km/soatgacha bo‘lgan tezlikda o‘tkaziladi. Sababi, turli davlatlarda ruxsat berilgan tezlik ko‘rsatkichi shular orasidadir. Ammo real hayotda esa yo‘llardagi YTHlar tezlik sezilarli darajada oshirilganda sodir bo‘ladi...

Tezlik qancha yuqori bo‘lsa, boshqaruvni yo‘qotib, biror-bir to‘siqqa urilish ehtimoli ham shunchalik yuqori bo‘ladi. Tezlik qanchalik yuqori bo‘lsa – zarba kuchi ham shunchalik yuqori bo‘ladi. Hattoki eng mustahkam kuzovning shakli ham qo‘rqinchli tarzda o‘zgaradi – g‘ijimlanib, yirtiladi va tiklab bo‘lmaydigan holatda qoladi.

Biz internet kengliklarida siz maqtagan “tanklarning” – inomarkalarning YTHga uchraganlaridan keyingi holatlari aks etgan suratlarni topib, e’tiboringizga havola qilmoqchimiz. Ko‘rib, ishonch hosil qiling: tezlik oshirilganda kuzovning shakli avtomobil rusumidan qat’iy nazar o‘zgaradi”, deb yozadi Toshkent shahar IIBB o‘zining rasmiy veb saytida.